Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu
Islom tarixidan ma’lumki, saodat asrining eng buyuk zotlaridan, saxovat jihatidan eng peshqadamlardan, jannat bashorati berilgan sahobalardan biri Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudir. Ushbu sahobai kirom Rasululloh sallolohu alayhi vasallam bilan doim birga bo‘lganlar.
Mazkur sahobiy islomga birinchilardan bo‘lib kirgan sakkizta kishidan biridir. Johiliyatdagi ismi Abduamr bo‘lgan bo‘lib, islomga kirgach Rasululloh sallollohu alayhi vasallam u kishini Abdurrohman deb chaqirganlar.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu ozgina ishlab, uylangach Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oldilarga bir xushbo‘ylik ko‘tarib keldilar. Shunda u Zot sallollohu alayhi vasallam: «Tinchlikmi?» deb so‘radilar. Shunda u kishi: «Uylandim» deb javob berdilar. «Mahrga nima berding?» deya so‘radilar Rasullulloh sallollohu sallohu alayhi vasallam «Bir danak miqdorida oltin» dedi. «Unda bir qo‘y so‘yib bo‘lsada to‘y qilgin. Alloh sening molinga baraka bersin» deb duo qildlar.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu Rasululoh sallollohu alayhi vasallamning qilgan duolaridan so‘ng boyib ketdilar. U kishi bu haqda: «Shundan so‘ng dunyo men tomon intiladigan bo‘ldi. Agar biror toshni ko‘taradigan bo‘lsam yo oltin yo kumush topar edim» deganlar.
Ushbu kishi ko‘plab g‘azotlarga qatnashganlar. Badr kuni Abdurrohman ibn Avf Alloh yo‘lida jiddu-jahd qilib Allohning dushmanlaridan biri Umayr ibn Usmon ibn Ka’b At-Taymiyni halok qildi. Uhud kunida esa odamlarning ortga qochishiga qaramasdan, mustahkam qadam bilan turib jang qilib, jangdan yigirmadan ortiq jarohat bilan chiqdi. Eng chuqur olgan jarohatiga inson qo‘li qiynalmasdan kirib chiqardi. U kishining urushga yo‘llagan mablag‘lari ham yetarlicha. Bir kuni Rasululloh sallolohu alayhi vasallam qo‘shin yuborishni iroda qilib, sahobalarga «Sadaqa qilinglar. Chunki men qo‘shin yubormoqchiman» dedilar. Shunda Abdurrohman ibn Avf uyiga tez borib, qaytib keldi va shuday dedi: «Yo, Rasululloh mening 4000 dinorim bor. Shundan 2000 dinorini Allohga qarzga berdim, qolganini esa oilamga qoldirdim.» Shunda Rasululloh sallolohu alayhi vasallam u kishini «Bergan narsangda Alloh senga baraka bersin. Olib qolgan narsangda ham Alloh baraka bersin» deb duo qildilar.
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam so‘ngi g‘azotlari bo‘lmish Tabuk g‘azotini tashkil qilishni boshlagan edilar. Kishilarni hojatini qondiradigan yetarli mol yo‘q edi. O‘sha yili Madinada qurg‘oqchilik kelgandi. Ustiga-ustak Rum askarlarining soni ko‘p kishini tashkil etardi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam insonlari sadaqa qilishga chorladilar. Bular ichida eng peshqadami Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu edilar. U kishi 200 uqiyya oltin (4000 dirhamga teng)ni sadaqa qildillar. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu Nabiy sallollohu alayhi vasallamga «Men Abdurrohmanni gunoh qilib qo‘yabdimikan deb qo‘rqaman. Ahli oilasiga hech narsa qoldirmabdi», dedilar. Rasuli akram sallolohu alayhi vasallam «Ey Abdurrohman Ahlingga biron narsa qoldirdingmi?» deb so‘radilar. «Ha, yo Rasululloh. Men ularga infoq qilganimdan ko‘ra ko‘proq va yaxshirog‘ini qoldirdim» dedilar. «Qancha?» dedi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam. «Alloh va Uning Rasuli va’da qilgan rizq, yaxshilik va ajrni» deb javob berdilar.
Tabuk g‘azotiga askarlar yo‘l oldilar. U yerda Alloh taolo musulmonlardan birortasini ikrom qilmagan narsasi bilan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuni ikrom qildi. Namoz vaqti kirib qolgan edi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ko‘rinmay qoldilar. Shunda musulmonlarga Abdurrohman ibn Avf imomlik qildilar. Birinchi raka’t tamomiga yetmay Rasululloh sallollohu alayhi vasallam yetib keldilar va u kishiga iqtido qilib namoz o‘qidilar.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so‘ng Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu mo‘minlarning onalariga moddiy jihatdan ko‘mak beradigan bo‘ldilar.
Bir kuni bu kishining 700 ta tuyadan iborat karvonlari Madinaga kirib kela boshladi. Bu tuyalarning har biri ustida oziq-ovqat, matolar va insonlarga zarur bo‘lgan narsalar bor edi. Bu karvonning ovozi butun shaharni larzaga keltirdi. Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho «Bu qanaqa shovqin?» dedilar. «Abdurrohman ibn Avfning karvoni» deyishdi. Shunda Oisha onamiz «Alloh unga bergan narsasida baraka bersin. Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning: “Abdurrohman ibn Avf jannatga emaklab kiradi” deganlarini eshitganman» dedilar. Bu xabar hali Madinaga kirib ulgurmagan Abdurrohman ibn Avf roziyalohu anhuga yetib bordi. Bu xabarni eshitgach, shoshilganicha Oisha onamizning oldilariga keldilar. «Ey, mo‘minlarning onasi bu hushxabarni siz Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz» degancha yurib keldi. «Ha» deb javob berdilar. «Agar qodir bo‘lganimda u yerga tik turib kirar edim. Guvoh bo‘ling, mana bu karvon ustidagi yuklari bilan ostidagi tuyalari barchasi Alloh yo‘lida ushbu shaharning kambag‘al va yetim-esirlariga» dedilar. Keyin yana 400000 dirham kumush va 40000 dinor oltinni ehson qilib yubordilar. So‘ng yana 200 uqiyya oltinni sadaqa qildilar.
Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu vafotlari yaqinlashgach juda ko‘p qullarni ozod qilib yubordi. Badr kunida qatnashganlardan tirik qolgan 100 kishining har biriga 400 dinordan vasiyat qildi. Qilgan ishlaridan eng ulug‘i mo‘minlarnig onalariga juda ko‘p boyliklarni qoldirishidir.
Juda ko‘p boyligi bo‘lishiga qaramasdan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu dunyoga berilmadi balki oxiratini obod qilish yo‘lida yurdi. Hayoti davomida ko‘plab yaxshiliklarga qo‘l urdi. Bu yaxshiliklarni barchasini mukofotini u kishi oldindan olgan edi, ya’ni jannat va’dasini! Alloh barcha sahobayi kiromlardan rozi bo‘lsin!
Kiritilgan vaqti: 09/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 4101
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 13:29