Saharlikda baraka bor
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “saharlik qilingiz! Zero, saharlikda baraka bor”, deb marhamat qilinadi (imom Buxoriy va imom Muslim rivoyatlari).
Ushbu sharafli hadis ro‘zador kishi saharlik qilishga buyurilganligiga dalolat qiladi. Chunki, Nabiy alayhissalom aytganlaridek, saharlik qilishda baraka va ko‘p yaxshiliklar bor.
“Saharlik” yoki “saharlik qilish” deganda ro‘za tutmoqchi bo‘lgan kishi sahar paytida ya’ni tunning so‘ngi qismida tutajak ro‘zasiga kuch to‘plash uchun tamaddi qilib olishi tushuniladi.
Darhaqiqat saharlik qilishda bizlarga ma’lum va noma’lum, zohiru botin xayru barakalar mavjud. Saharlikning oshkora barakalaridan biri shuki, u tufayli inson ro‘za tutishga o‘zida kuch topadi. Shuningdek, kunduz kuni to iftor paytigacha o‘qiladigan namozlar, Qur’oni karim tilovati, zikru duo kabi boshqa jismoniy ibodatlarni bajarish uchun ham kishiga quvvat va energiya kerak bo‘ladi. Mazkur quvvat esa saharlik qilish bilan hosil bo‘ladi. Saharlik qilmasdan o‘tar ro‘za tutgan odamda bunday quvvat bo‘lmaydi. Va u yuqorida zikr qilingan turli-tuman toat-ibodatlarni bajarishga erinadi, hatto o‘zining boshqa dunyoviy yumushlarini ham amalga oshirish unga ortiqcha mashaqqat tug‘diradi. Natijada u ham dunyoviy, ham uxroviy manfaatlardan qolib ketadi.
Saharlikning foydalaridan yana biri ochlik qo‘zg‘aydigan salbiy mijozning oldi olinishidir. Inson och ekan qandaydir fe’li tor va jizzaki bo‘lib qoladi. Qorni to‘q insonning ko‘ngli ham to‘q va xotirjam bo‘ladi, odamlarga shirin muomalada qiladi.
Saharlikning barakalaridan yana biri shundan iboratki, u tufayli ro‘zani bir oy mobaynida davom ettirishga, ko‘proq ro‘za tutishga rag‘bat va xohish paydo bo‘ladi. Chunki, saharlik tufayli ochlik va madorsizlik mashaqqati yengillashib, ro‘za oddiy holga aylanib qoladi. Buning ijobiy natijasi o‘laroq kishi ro‘zadan bezib, betoqat bo‘lib qolmaydi. Va keyingi kunlarning ro‘zalarini ham rag‘bat va istak bilan tishga kirishadi.
Saharlik qilish sunnatga ergashish demakdir. Saharlik qiluvchi o‘zining bu ishi bilan Nabiy alayhissalomning buyruqlariga bo‘ysunish va U zotning af’ollariga iqtido qilishni niyat qilsa, uning saharlikdagi taom yeyishi ham ajru savob keltirib chiqaradigan alohida bir ibodatga aylanadi. Agar ro‘zador bularni niyat qilmasdan shunchaki, ibodatga quvvat bo‘lsin deb yeb-ichsa ham albatta savob qozonadi. Ammo, shu bilan birga Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga ergashishni ham qasd etsa nur ustiga nur bo‘ladi.
Shu bois, ro‘zador birozgina yegulik bilan bo‘lsa ham saharlik qilishi maqsadga muvofiq. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom shunday deganlar: “kimki, ro‘za tutadigan bo‘lsa, biror-nima bilan (bo‘lsa ham) saharlik qilib olsin!” (imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, garchi oshqozonimiz hech narsa talab qilmayotgan bo‘lsa ham Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) o‘gitlari va buyruqlariga bo‘ysungan holda sahar turib yengil-elpi tamaddi qilib olsak, ko‘plab dunyoviy va uxroviy manfaatlarga erisharkanmiz.
Saharlikning barakalaridan yana biri shuki, saharlik bahonasida kishi zikr, duo, Qur’on qiroati va tungi namoz – tahajjud namozi kabi ibodatlar uchun vaqt va imkon topadi. Hadisi shariflardan ma’lumki, tunning oxirlab borayotgan qismi duolar ijobat bo‘ladigan, tavbalar qabul qilinadigan eng munosib vaqtdir.
Saharlik qiluvchilarga Alloh va Uning farishtalari salovotlar aytadilar. Bu eng katta baxtdir. Abu Said Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “saharlik – yeyish muborak bo‘lgan taomdir. Shunday ekan, bir qultum suv ichish bilan bo‘lsa ham uni tark etmanglar. Zero, Alloh va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot ayturlar” (imom Ahmad rivoyati).
Garchi qadimdagi ba’zi ahli ilmlar saharlik qilishga buyuruvchi hadislarning zohiridan kelib chiqib, uni farz degan bo‘lsalar ham ammo, aksar ulamolar, shu jumladan to‘rt fiqhiy mazhab vakillari saharlik qilishni mustahab ekanligini ta’kidlaydilar. Ya’ni, saharlik qilishda qo‘shimcha ajr-savoblar mavjud. Shar’an targ‘ib etilgan mandub amallar sirasiga kiradi. Zero, ba’zan, Nabiy alayhissalom o‘tar ro‘za tutganlar. Agar saharlik qilish farz darajasida bo‘lganda Ul zot aslo o‘tar tutmasdilar. Ammo, ramazonda payg‘ambarimizning aksar fe’llari saharlik qilish bo‘lgani uchun hamda bu ishga targ‘ib etuvchi ko‘plab hadislar vorid bo‘lgani va unda ko‘plab xayru barakalar borligi tufayli saharlik qilish mustahab amallardan bo‘ldi.
Saharlikning foydalaridan yana biri saharlik qiluvchiga bomdod namozini jamoat bilan o‘qishga yordam berishidir. Shuning uchun ham ramazonda bomdod namozini masjidda o‘quvchilar soni boshqa oylardagidan ko‘proq bo‘ladi. Chunki, ular sahar uchun vaqtliroqdan turgan bo‘ladilar.
Saharlik uchun eng afzal vaqt tunning oxirgi qismi hisoblanadi. Bomdod vaqti kirishiga yaqin saharlik qilish mustahabdir. Zero, Nabiy alayhissalom saharlik qilib bo‘lib bomdodning farzini o‘qishga kirishishlari orasida Qur’ondan ellik oyat o‘qish miqdorida vaqt bo‘lgan. Ellik oyat o‘qishchalik vaqt deganda tez ham emas, o‘ta sekin ham emas, balki, o‘rtacha o‘qish tushuniladi. Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan saharlik qildik. So‘ngra namozga turdilar”. Hadis roviysi hikoya qiladi: “azon bilan saharlik o‘rtasida qancha muddat bor ei?!”, dedim. – “ellik oyat miqdori (bor edi)”, dedi” (imom Buxoriy va imom Muslim rivoyatlari). Bu hadisda kelgan azon degan so‘z bilan iqomat ya’ni farz namozga aytiladigan takbir nazarda tutilgan. Chunki, “azon” e’lon qilish, bildirish deganidir. Takbiri iqomat ham namozga turilganini bildiruvchi narsadir.
O‘zimizda chiqarilayotgan ramazon taqvimida ko‘rsatilgan og‘iz yopish vaqtlari ham yuqoridagi hadisi shariflarda kelgan vaqtlarga yaqin keladi.
Fursatdan foydalanib, jonajon yurtimiz aholisini boshimizga rahmat soyaboni bo‘lib turgan muborak ramazon oyi kirib kelganligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Allohdan so‘rab qolamanki, ramazoni sharif barchamiz uchun ezguliklarga vasila bo‘lsin, ma’naviy poklanishimiz, ruhan yuksalishimiz va Parvardigorimizga qurbat hosil qilishimizga sababchi bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Manba:Muxlis.uz
Kiritilgan vaqti: 31/05/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 4589
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 02:39