Qizg‘anchiqlik oqibati (zarbulertak)
Bir kuni It sheriklari bilan talashib kattakon suyak olib qochibdi. Suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda boshqa bir It og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib Itga tikilib turgan emish.
It:
— Ir-ir-ir … — deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi It ham tishini irjaytiribdi.
— It uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va: «Xap!»- deb Itga tashlanibdi. «Xap!» deyishi bilan og‘zidagi suyagi, uning ketidan o‘zi ham «cho‘lp» etib suvga tushib ketibdi. It suvdagi soyasini ko‘rib, qizg‘anchiqlik qilgan uchun suyaksiz qolibdi. Qizg‘anchiq It rosa shalabbo bo‘libdi.
Shunaqaa…, insonlar orasida bunday illatlilar topilib turadi. Shuning uchun: «Itdek taladi», degan gaplar bejizga aytilmagan. Ayniqsa, o‘zining soyasidan qo‘rqadiganlar hammani o‘ziga dushman deb biladilar. O‘ziga tegishli yoki tegishli bo‘lmagan narsalarga burnini suqayveradi. Chunki unday kishilar o‘ziga ham, boshqalarga ham ishonmaydilar. O‘ziga ishonmasligi iymonsizligining belgisi bo‘lsa, boshqalarga ishonmasligi esa juda zaifligiga dalolatdir.
Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2700
Chop etilgan vaqti: 12/02/2025 08:47