Isrof-eng og‘ir gunoh
Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib ularni yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qur’oni karimda : “...Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Robbiga) juda noshukrdir” (Ibroxim-34), deb marhamat qilingan.
Insonlarga shuncha ne’matlarni ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Jumladan, A’rof surasining 31-oyatida: “Yenglar, ichinglar, isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay ”, deb amr qilmoqda. Shuningdek, yana: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) xaqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutloqo yo‘l qo‘ymang!”, deyilgan (Isro-26).
Demak, silai rahm, xayr-ehson va turli sadaqalarni berishda ham me’yordan tashqari xarajat qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish Alloh tomonidan man etilgan. Xususan, to‘y va boshqa marakalardagi isrofgarchiliklar ortiqcha dabdabaga, riyokorlikka, manmanlikka, kimo‘zarga, o‘zaro hasadga, imkoni yo‘qlarning ko‘ngli o‘ksishiga olib keladi.
Payg‘ambarimiz Muxammad a.s. o‘z hadislarida marhamat qiladilarki: “Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi.” Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”-deb isrofdan qattiq qaytarganlar.
Hamma ishda me’yor va mo‘tadillik bo‘lgani yaxshi. Menga boylik berib qo‘yilibdi deb, uni har tomonga sochaverish, ayniqsa Alloh harom qilgan ishlarga sarflash gunoh eshiklarini ochib qo‘yadi. Buning o‘rniga yordamga muhtoj kishilarga yordam berish, talabalarning kontrakt pullarini to‘lashga ko‘maklashish, qarzini to‘la olmayotgan kishilarga yordamlashish ham o‘ziga, ham jamiyatga keltirgan katta savobli ish bo‘ladi. Isrofgarchilikning barcha ko‘rinishlariga barham berish ar bir fuqaroning vazifasidir.
Kiritilgan vaqti: 27/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 5762
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:34