O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Tejamkorlik-xasislik emas

 
 

Qadim-qadimdan xalqimiz tomonidan asrlar osha e'zozlab kelgan milliy va diniy qadriyatlar o‘ziga xos turfa xil urf odatlar, udumlar va marosimlar ijtimoiy-manaviy hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib qolgan. Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda shunday go‘zal marosim, tadbirlarimiz o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z  qilish, dabdabavozlik, isrofgarchilik hamda ortiqcha bidatlarni namoyish etish maydoniga aylandi.

Oliy majlis senati va qonunchilik palatasi kengashlari 2019-yil 14-sentabr kuni “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkizilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi va bu nizom 2020-yil 1-yanvaridan kuchga kirdi. Tabiyki bu qaror xalqimiz tomonidan ijobiy-xursandchilik bilan kutib olindi. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak ortiqcha sarf-xarajatu keraksiz udumlardan charchagan har bir fuqaroning dilidagi orzusi bo‘ldi desak yanglishmaymiz.

Oilada chaqaloq dunyoga kelishi bilan bog‘liq marosimlar: aqiqa, beshik to‘yi, sunnat to‘yi, yigit va qizning turmush qurishida-nikoh to‘yi va bir qancha marosim va tadbirlarning ayrim xonadonlarda katta dabdaba va isrofgarchiliklar bilan o‘tkazilishi milliy urf-odatlarimiz, hamda anana va   qadriyatlarimizga tamomila ziddir. Bu marosimlarni dinimiz ko‘rsatmalari ekanini hisobga olsadigan bo‘lsak, demakki ushbu amallarda ulkan ajr va savoblar bor ekanini unutmasligimiz, bu masalaga ibodat darajasida qaramog‘imiz hamda riyokorlik va gunohlardan tiyilmog‘imiz zarur bo‘ladi.

Keyingi paytdagi paydo bulayotgan bidat xurofotlar ayniqsa, qiz tomonni qiynab qo‘ymoqda. Kelinning sepi uchun kiyim-kechak turlari ko‘payib ketgan, kamiga, kelin boradigan uyga qimmat parda, gilam, zamonaviy mebel vahokazolar. Bu kabi ortiqcha sarf xarajatlar to‘ydan so‘ng ham chorladi, beshik to‘yi, chilla quvdi kabi marosimlar katta to‘yxonalarga ko‘chishi ham nihoyatda salbiy holatdir.

To‘ylardagi manmanlikning asl sababchisi bu - riyokorlik, moddiy boylikka haddan ziyoda borishdir. Kibr, xudbinlik, riyokorlik va bu dunyoning o‘tkinchi hoyu havaslariga berilish kabi illatlar insonni halokat jari tomon yetaklaydi. Shu boisdan ham dinimiz bu kabi illatlarni qattiq qoralaydi. Vaholanki Quroni Karimda Alloh taolo:

“Odamlardan ba'zilari: “Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin”, – deydir va oxiratda unga nasiba yo‘qdir.  Va ulardan ba'zilari: “Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do‘zax olovi azobidan saqlagin”, deydi. Ana o‘shalarga qilgan kasblaridan nasiba bor. Va Alloh tez hisob qiluvchidir”

 (Baqara surasi, 200-202 oyatlar), - deya har bir amalimizda dunyo va oxiratni unutmasligimiz lozimligi, aksincha insonlarning martaba obro‘si ularning kamtarliklarida ekanligi eslatmoqda. Zero Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning martabasini baland qilib qo‘yadi”, deganlar  (Muslim rivoyati).

Shu o‘rinda aza marosimlari haqida ham aytish joizki yetti, yigirma, qirq, yil va shunga o‘xshash marosimlarning hech biri dinimizda ko‘rsatilmagan. Ayrim joylarda ayollarning yaqinlari vafot etganda yillab azadorlik liboslarida yurishlari tamomila xunuk odatdir. Zaynab binti Abu Salama (raziyallohu anho) dan rivoyat qilinadi: “Zaynab binti Jahshning oldiga akasi vafot etgan vaqtda kirdim. U xushbuy narsa surib oldi va menga ham surtdi. So‘ngra: Allohga qasamki xushbuy narsa suradigan holim yo‘q, lekin Rasulullohning minbarda turib “Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayolga biror mayyit uchun uch kundan ortiq motam tutishi halol emas. Faqat eri uchun to‘rt oyu o‘n kun tutadi”, deganlarini eshitdim” dedilar.

Shunday ekan mo‘min odam el ichida o‘rinsiz gap-so‘zlar, malomatlardan emas balki, Allohdan qo‘rqib yashamog‘i lozim.

Alloh taolo Quron karimda shunday marhamat qiladi:

Alloh sizdan (yukingizni) yengillatmoqni xohlaydir. Va inson zaif yaratilgandir. (Yaratuvchining O‘zi, zaif yaratilgan, deb turgandan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda Alloh taolo og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, u yengillikni xohlaydi.) (Niso surasi 28-oyat).

Hadisi sharifda esa Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Albatda din yengildir. Kimda-kim uni og‘irlashtirsa, din uni albatta, mag‘lub qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Albatda bu ko‘rsatmalarga amal qilgan kishining hayoti go‘zal, savoblarga to‘la bo‘ladi. Aks holda, nafaqat o‘zini balki, boshqalarni ham og‘ir ahvolga solib qo‘yadi.

Azizlar, bir-birimizni o‘zaro sovobli ezgu amallarni qilishga chorlaylik. Dinimiz va hukumatimizning manfaatimizni ko‘zlovchi ko‘rsatmalariga to‘liq rioya etaylik. Zero Alloh taolo oyati Karimada “Ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling” (Moida 2) deya buyurdi. Alloh taolo barchamizni kibru havodan yiroq qilib, kamtarlik ila to‘g‘ri yo‘lda yurishimizni nasib qilsin.

 Nurulla o‘g‘li Nasrullaxon - Pastdarg‘om tuman “Chandirobod” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/02/2020 11:52;   Ko‘rilganligi: 1766
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/tejamkorlik-xasislik-emas
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 06:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing