O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Rizq talabida to‘g‘ri harakat qilish

 
 

Alloh taolo aytadi: “U (Alloh) sizlar uchun Yerni xokisor – bo‘ysunuvchi qilib qo‘ygan Zotdir. Bas, sizlar u (Yer)ning har tomonida yuringlar va U (Alloh)ning rizq-ro‘zidan yenglar! Yolg‘iz Uning huzuriga qaytish bordir” (Mulk, 15).

Alloh taolo bandalar uchun Yerni bo‘ysundirib, uni xokisor va sokin qildi. Qattiq silkinib ustidagi maxluqotlarni halok qilmasligi uchun tog‘lar bilan mustahkamlab qo‘ydi. Yerdan suv chiqarib, anhor, daryo va dengizlarni yaratdi. Maxluqotlari foydalanishi, bandalari ziroat va chorvachilikda manfaat olishlari uchun Alloh shunday qildi. Shuningdek, Alloh Yerda turli yo‘llarni paydo qildi. Bas, ey insonlar, Yerning turli joylarida yuringlar, rizq talabida harakat qilinglar! Unutmanglarki, qiyomat kunida dunyoda qilib o‘tgan har bir amalingiz haqida hisob berish uchun Allohning dargohiga qaytasizlar.

Ushbu oyatda bandalarni rizq talabida harakat qilish, halol kasb bilan shug‘ullanish, ilm olish, farovon hayot kechirish uchun intilishga targ‘ib qilinib, dangasalik va ishyoqmaslikdan qaytarilmoqda.

Alloh taolo har bir jonzotning rizqini azalda taqdir qilib belgilab qo‘ygani ko‘p bora aytildi. Maxluqotlar o‘sha rizqqa erishish uchun lozim bo‘lgan sabablarni ishga solishlari, rizq talabida harakat qilishlari kerak bo‘ladi. Biroq rizq topishda yolg‘iz harakatning o‘zi kifoya qilmaydi. Bunda tavakkul (Allohga suyanish) ham shartdir. Rizq topish uchun harakat qilish va tavakkulni bir-biriga muvofiq narsa deb bilish lozim. Zero, tavakkul qalb ishi. Harakat esa a'zolarning ishidir. Rizq topishda, avval Allohga tavakkul qilinadi. Ya'ni, rizq Allohdan ekaniga to‘liq imon keltirib, U Zotning yordami va madadiga suyangan holda, ishlarni yengil qilishini so‘rab duo qilinadi. So‘ngra rizq talab qilishga o‘tiladi. Bu ikkisi aslo bir-biriga zid emas. Biri ikkinchisisiz mukammal bo‘lmaydi. Faqat tavakkul qilsayu, intilish bo‘lmasa, banda tekinxo‘rga aylanib qoladi. Oqibatda qashshoqlashib, odamlar oldidagi obro‘-e'tiboridan ham ayriladi. Aksincha, tavakkul qilmasayu, faqat harakat qilishning o‘zi bilan cheklansa, rizq topish faqat o‘zimga bog‘liq, o‘zimni o‘zim boqaman, mana shu kasbim orqasidan kun ko‘raman, degan noto‘g‘ri fikrga borsa, kishi shirk illati tomon qadam tashlagan bo‘ladi. Demak, rizq topishda tavakkul va harakatni jamlagan holda ish yuritish haqiqiy mo‘minning sifatidir.

Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Albatta, Alloh kasb-kor qiluvchi mo‘min bandani yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy, Ibn Adiy,  Hakim Termiziy va Bayhaqiy “Shu'abul iymon”da rivoyat qilgan).

Zayniddin ESHONQULOV – O‘MI Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/11/2019 10:10;   Ko‘rilganligi: 2844
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/rizq-talabida-togri-harakat-qilish
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 05:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing