O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

NIKOH-MUQADDAS RISHTA

 
 

OILA-muqaddas dargoh. Oila poydevori, uning mustahkam qal’asi, er-xotin o‘rtasini mahkam bog‘lovchi rishta nikohdir. Nikoh-insonlar jamiyatida eng muqaddas bitim hisoblanadi.

Shuning uchun, dinimiz oilani nikoh asosida qurishga alohida ahamiyat beradi. Alloh taoloning er-xotin juftligini yaratishdan irodasi ham inson naslini ko‘paytirib, yer yuzini obod qilish edi. Bu borada Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi...” (Nahl surasi: 72-oyat).

Ota-bobolarimiz azaldan nikoh masalasiga jiddiy mas’uliyat bilan qaragan. Turmush qurish inson naslining davomiyligini ta’minlash uchundir. Shunday ekan, bu muqaddas rishtaning qadriga yetib, oila mustahkamligini taminlashimiz zarur.

Keyingi paytlarda umr yo‘ldoshni tanlash asnosida tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi ham o‘rtaga chiqdi. Bunga shar’iy jihatdan qanday baho berilishini ulamolarimiz ko‘rib chiqib, quyidagi qarorni qabul qilganlar: Fatvo va ilmiy bahslar bo‘yicha Yevropa majlisining 2005 yil 23-27 fevral kunlari o‘tkazilgan o‘n to‘rtinchi sessiyasida “Tibbiy ko‘rikni man qiluvchi narsa shariatda yo‘q. Jumladan, irsiy ko‘rikning ham. Faqat, shart shuki, aybni oshkor qilmaslik kerak va davolanishga yo‘l topish lozim”.

Demak, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga qonunchilikda ham, shariatimizda ham ruxsat etilgan. Albatta, bu islohotlarning barchasi oilaning mustahkamligi va sog‘lomligiga qaratilgan. Bosh qomusimizning 63-moddasida belgilanganidek, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.

Albatta, oila mustahkamligi nikohning qonuniyligiga har jihatdan bog‘liq. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash-davr talabi” mavzusidagi anjumanda bu haqida alohida to‘xtalib, shunday ta’kidlagan edilar: “Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi”.

Shuningdek, bundan buyon FHDYO bo‘limlari tomonidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mulla yoki imom-xatib jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining ham bu borada maxsus buyruqlari qabul qilingan.

Ammo bu haqiqatni hamma ham birdek anglab yetavermaydi. Bu borada oxirgi paytlarda bir qancha etiborsizliklar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan viloyatimizning Bulung‘ur tumani "Samarqand" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro birinchi nikohidan qonuniy ajrashmasdan turib ikkinchi marta turmush qurgan oilasida janjal yuzaga kelib, buning oqibatida er o‘z turmush o‘rtog‘iga og‘ir tan jarohati yetkazganini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin.

Albatta bu yerda birinchi tug‘iladigan savol janjalning sabablari nima va qonuniy nikoh qaydnomasi bo‘lmagan oilaga shar’iy nikoh o‘qigan shaxs kim? O‘rganishlar natijasida ushbu nikohni shu mahalla mullasi o‘qigani aniqlangan. Vaholanki, joylarda faoliyat olib borayotgan barcha imom xatiblarga, noib va mahalla mullariga nikohni faqat faoliyat ko‘rsatib turgan masjid imom xatibi yoki imom noibi o‘qishi haqida tushuncha va topshiriqlar berilgan edi. Shunga qaramay bu tartibga amal qilmaslik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bularning barchasi joylardagi mutasaddilarning e’tiborsizligi sababli yuzaga kelmoqda.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. Chindan ham, oila qo‘rg‘onini muqaddas deb bilmaslik, arzimas sabablar bilan ajralishlar, begunoh bolalarning tirik yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolishi qonuniy nikohdan o‘tmay turmush qurishning oqibati emasmi? Shunday ekan, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, hokimiyat va FHDYO bo‘limlari xodimlari, balki ota-onalar, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, jamoatchilik ham oila masalasiga yanada jiddiy, mas’uliyat bilan yondashishlari lozim. Zero, yuqoridagi kabi hech kimning guldek oilasi zavol topmasin, tinch-totuv hayotiga aslo putur yetmasin.


Kiritilgan vaqti: 18/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 2109
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/nikoh-muqaddas-rishta-
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 15:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing