O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ota-ona bolani odobli, axloqli qilib voyaga yetkazganlari uchungina olqishga sazovor bo‘ladilar.

 
 

Abdulloh ibn Umar (r.a.) Taysala ibn Miyosdan “Do‘zaxdan qo‘rqib jannatga kirishni xohlaysanmi?” deb so‘radilar. “Albatta xohlayman”, dedilar Taysala. “Ota-onang tirikmi?” - deb so‘radilar. “Otam vafot etganlar, ammo onam borlar”, dedilar Taysala. Shunda Abdulloh ibn Umar dedilarki: “Katta gunohlardan o‘zingni saqlaganingdan keyin onangga qattiq gapirmasang, uning ob-ovqatini berib tursang, albatta jannatga kirasan”, - dedilar. Agar e'tibor qilsak, bu hikmatning asosi ham “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, hadisi sharifi ekanini anglaymiz.

Rivoyat qiladilarkim, Marvon ibn Hakam Madinadan bir joyga safarga ketganlarida o‘z o‘rnilariga Abu Hurayrani qoldirib ketardilar. Abu Hurayra Zul-Hulayfada turib, o‘zlari bir xonada, onalari esa boshqa xonada yashardilar. Abu Hurayra qachon o‘z xonalaridan tashqariga chiqadigan bo‘lsalar, onalarining eshigi oldiga kelib salom berardilar-da: “Meni yoshligimdan tarbiyat qilganingiz uchun sizga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin”, - der edilar. Onalari ham u kishining salomlariga javob qaytarib: “Katta bo‘lganingda menga yaxshilik qilayotganing, roziligimni olayotganing uchun senga ham Alloh taoloning rahmati bo‘lsin”, der edilar. Abu Hurayra tashqaridan qaytib kelganlarida ham ona-bola o‘rtasida shu muomala takrorlanardi.

عن أبي هريرة ، أن النبي صلى الله عليه وسلم صعد المنبر ، فقال : « آمين آمين آمين » . قيل : يا رسول الله ، إنك حين صعدت المنبر قلت : آمين آمين آمين . ، قال : « إن جبريل أتاني ، فقال : آمين . ومن أدرك أبويه أو أحدهما فلم يبرهما ، فمات فدخل النار فأبعده الله : ، فقلت : آمين

Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinadi ;

Payg‘ambar (s.a.v) minbarga chiqayotib, bir qadam tashlab “omiyn” dedilar. Ikkinchi qadam tashlab yana “omiyn” dedilar. Uchinchi qadamni bosganlarida ham “omiyn” dedilar. Minbardan tushganlarida sahobalar “Yo Rasulalloh! Xutba o‘qish uchun minbarga chiqayotib nima sababdan uch marta “omiyn” dedingiz?” - deb so‘rashdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Men minbarga chiqayotganimda Jabroil alayhissalom kelib “onasi va otasi hayotlik vaqtida yoki bulardan biri hayot bo‘la turib, ularning roziligini olib, jannati bo‘la olmagan va bu imkoniyatni boy bergan farzandning burni yerga ishqalsin!” - dedilar. Men ham “omiyn” dedim” - dedilar.

Bundan murod: bir farzandning onasi va otasi yoki ulardan biri hayotligida ularga xizmat qilib, duosini ololmasdan, jannati bo‘lolmaganlarning holiga voy, degan ma'no bor. “Holi voy” bo‘layotganlarni ko‘rmaymizmi? Yoki ko‘rib ko‘rmaganga olamizmi? Qaynona-kelin mojarosini hal etish uchun hovlini bo‘lib olgan farzandlar yo‘qmi oramizda? “Ota-onam bolaligimda menga yaxshi qarashmagan” deb nolib yuruvchi noshukrlar-chi? Sovet davrida bolalar va yoshlar uzoq yillar mobaynida otasini sotgan oqpadar Pavlik Morozov misolida tarbiya qilingan edi. Ana shu ahmaqona tarbiyaning dog‘lari butunlay yuvildimi?

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridan misol: qarib qolgan otaning bir o‘g‘il va bir qizi bor. O‘g‘ilning turmushi to‘kin, jamiyatdagi mavqei ham balandroq. Qizining oilasi bir amallab kun ko‘radi. Ota xastalanib kasalxonaga tushganida bu farzandlarning mehr-oqibati aniq ko‘rinadi. O‘g‘il ishda band ekanligini bahona qilib kam keladi. O‘g‘ilning mehri shunday bo‘lgach, oilasiniki qanday bo‘lardi? Qiz esa kunda ikki-uch qatnaydi. Shunda ota qo‘llarini baland ko‘tarib qizni duo qiladi. Qiz ketgach, joni uziladi. O‘sha duo – otaning roziligi edi. Alloh ham undan rozi bo‘ldi. O‘g‘ilning oilasidan baraka ko‘tarila boshladi. Boshiga ko‘p tashvishlar tushdi. Qariganida farzandlari yonida bo‘lsa ham, sutga ivitilgan bir qoshiq nonni og‘ziga tutguvchi mehribon topilmadi. Kasalxona farroshining qo‘lida jon berdi. Farrosh musulmonlik qoidalarini bilmagani sababli jag‘lari, oyoq-qo‘llari bog‘lanmay, g‘assolni ham ancha qiynadi. G‘assol qancha urinmasin, jag‘ ochiqligicha ketdi. Qizning oilasi esa kundan kun yashnay berdi. Qiz keksalik yoshiga yetganida, xastalanganida farzandlari qo‘llarida ko‘tarib yurdi. Jon berishi ham mo‘jiza kabi yuz berdi. Farzandlari davrasida, gaplaridan adashmay, yaxshi nasihatlar qilib, bir nafas bilan yengilgina jon berdi.

Hayotiy misollarimizni hadisi sharif bilan quvvatlantirsak: Abdulloh ibn Avf (r.a.) Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.) yonlarida Suffada edik. Hijrat qilgan bir ayol Rasuli akramning (s.a.v.) huzurlariga keldi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni ayollar yoniga, o‘g‘lini esa bizning yonimizga yubordilar. Oradan ko‘p o‘tmay, ayolning o‘g‘li vaboga chalinib, vafot etdi. Sarvari olam (s.a.v.) yigitning ko‘zlarini yumganlaridan so‘ng, uni yuvish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganimizda menga: – Ey Anas! Bor, onasiga xabar qil, - dedilar. Onasiga xabar berdim. Onasi kelib, o‘likning oyoq uchi tomoniga o‘tirdi va farzandining sovub qolgan oyoqlarini ushlab duo qildi: – Allohim! Men o‘z xohishim bilan musulmon bo‘ldim. Sening diningga kirdim. Butlarga sig‘inishni tark etdim. O‘z xohishim bilan Senga yukindim va Payg‘ambaringni sevdim. Allohim! Meni balo-musibatlarga duchor qilib, butparastlarni sevintirma va toqatim yetmaydigan ushbu musibatni menga yuklama... Allohga qasamki, ayol duo qilib bo‘lar-bo‘lmas, o‘likka jon qaytdi, bola oyoqlarini qimirlatib, ko‘zlarini ochdi. Rasululloh (s.a.v.) vafot etgunlariga qadar ham u yigit tirik edi...”

Ota-ona hayotlik choqlarida ularning roziliklarini olish – Allohga va Uning Rasuliga bo‘lgan sevgining bir zarrasi. Yana bir zarrasi esa ularning vafotlaridan so‘ng xayrli duolar bilan eslash. Namoz o‘quvchilar ota-onalarini kunda besh mahal yodga oladilar, Allohdan mag‘firat so‘rab, duo qiladilar.

Ma'lumingizkim, hozir bola birinchi sinfga chiqishdan oldin muallimlarning suhbatidan o‘tadi. Bu bilan bolaning ongi, zehni darajasi aniqlanadi. Xullas, bir bolaga rasmni ko‘rsatib: “Bu nima?” deb so‘rashadi. Bola javob beradi: “Bu bo‘g‘irsoq”. Boshqa rasmni ko‘rsatib so‘rashadi: “Bu nima?” Javob beradi: “Bu tulki”. Yana so‘raydilar. Ammo bola javob o‘rniga xuddi kattalarday deydiki: “Mendan bunaqa mayda-chuyda narsalarni so‘ramang. Siz Payg‘ambarimizning (alayhissalom) hayotlarini so‘rang, aytib beray”. Muallimalar “aytib ber”, deyishadi. Bu yerda asosiy gap muallimalarning bilmagan ilmini bola bilishida emas. Asosiy murod – bu bola ulg‘ayganida ota-onasini xorlab qo‘ymaydi. Ota-onasi o‘tgandan keyin ham duoda bo‘ladi. Farzandiga Islom alifbesini o‘rgatgan ota va ona va dunyo oxiratlari uchun ikki muazzam saroy tiklab qo‘yibdilarkim, unda yashash ularga muborak bo‘lsin.

 Abu Usayd (r.a.) hikoya qiladilar: “Biz Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida edik. Shu vaqt bir kishi kelib: “Yo Rasulalloh! Ota-onamning hayot vaqtlarida qilgan yaxshiliklarimdan tashqari ularning vafotidan keyin yana nima qilsam shu yaxshiligim davom etadi?” - deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) unga dedilar: – To‘rtta narsani qilib yursang, ularga qiladigan yaxshiliging davom etavergan bo‘ladi. Birinchisi – ota-onang haqlariga duo qilasan va gunohlarini kechirishni Alloh taolodan so‘raysan. Ikkinchisi – ularning nasihat va shar'iy vasiyatlarini amalga oshirasan. Uchinchichi – ularning do‘stlarini hurmatlaysan va to‘rtinchi – qavm-qarindoshlar bilan ular tufayli qaror topgan qarindoshlik aloqalarini uzmaysan.

Bu mavzuda aytaman desak, hikmat ko‘p. Biroq, Alisher Navoiy Hazratlaridan bir necha bayt o‘qimasak, ko‘nglimiz o‘rniga tushmaydigan ko‘rinadi:

Biri erur makrumati volidayn,
Bilki munung qilmog‘idur farzi ayn.
Bu ikkining xidmatini bir bil,
Har necha ifrot esa, taqsir bil.

Ya'ni: Tarbiyaning yana biri ota-onani Hurmat qilish; buni bajarish uning uchun majburiyatdir (shartdir). Bu ikkisiga xizmatni birdek qil, xizmating qancha ortiq bo‘lsa ham, kam deb bil.

Boshni fido ayla, ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Ikki jahoningg‘a tilarsen fazo –
Hosil eti ushbu ikkisidin rizo.

Ya'ni: Otang oldida boshingni fido qilib, onang boshi uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi! Ikki dunyoying obod bo‘lishini istasang, shu ikki odamning roziligini ol!

Tun-kunungga aylagali nur fosh,
Birini oy angla, birisin quyosh.
So‘zlaridin chekma qalam tashqari,
Xatlaridin qo‘yma qadam tashqari.
Bo‘lsun adab birla bori xidmating,
Xam qil adab “dol”i kibi qomating
.

Ya'ni: Tunu kuningga nur berib turgan birlarini oy deb bil, ikkinchilarini esa quyosh. Ularning so‘zlaridan tashqari bir narsa yozma, ular chizgan chiziqdan tashqariga bir qadam ham bosma. Hamma xizmatni sen adab bilan bajar, “adab” so‘zidagi “dol” harfi kabi qomatingni ular huzurida eg.

Madiyev Murod – Urgut tumani  “Soy” jome masjidi imom xatibi  


Kiritilgan vaqti: 03/04/2020 15:17;   Ko‘rilganligi: 1568
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ota-ona-bolani-odobli-axloqli-qilib-voyaga-etkazganlari-uchungina-olqishga-sazovor-boladilar
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 23:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing