O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Osuda hayotimiz posbonlari.

 
 

          Rasululloh (sollollohu alayhi vasallam) dedilar: Ikki ko‘z (sohibi) do‘zax olovida kuymaydi. Biri-Allohdan qo‘rqib tunda yig‘lagan ko‘z. Ikkinchisi-Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z". (Imom Termiziy).

         Tinchlik bebaho ne'mat, osuda yashash saodat. Yurt obodligi xalq farovonligi. Hozirda erishgan ulkan o‘zgarishlar va kelajakdagi buyuk taraqqiyotlar aynan mana shu tinchlik va osudalik sababidan yuzaga keladi. Shu boisdan ham mustaqillikning ilk davrlaridanoq O‘zbekiston Qurolli kuchlarini shakllantirishga alohida e'tibor qaratdi. Bugungi kunga kelib esa zamonaviy, ixcham va har tomonlama qurollangan jismoniy va intelektual bilimga ega, yurtimiz sarhadlarini har qanday tashqi xavfdan himoya qiladigan milliy armiyamiz shakllandi. Insonga ikki narsani tanlash imkoni yo‘q. Biri ota-ona, ikkinchisi Vatan. Shu sababdan ham ota-ona qancha muxtaram va mahbub bo‘lsa, Vatan ham shunchalar aziz va muqaddas sanaladi. Shu sababdan ham inson yurtidan olis ketsa uni sog‘inadi, yurtini obodligi uchun jonini kuydurib mehnat qiladi, yaxshi ko‘rib uni barcha yomonliklardan himoya qiladi. Yurtining himoyasi yo‘lida qalblari sadoqatu shijoatga to‘la, og‘ir ammo o‘ta sharafli bu kasb egalariga ulkan ajr va savoblar va'da qilingan. "Rasulullo (sollollohu alayhi vasallam) : Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchilik qilish ming kecha ro‘za tutish va ming kecha qoim turishdan yaxshidir " deya marhamat qilganlar (Imom Ahmad va imom Taboroniy rivoyati). Bu kasbga xiyonat etish kechirib bo‘lmas, gunohi aziym ekanligi ham dinimizda qattiq ta'kidlangan. Abu Hurayra (roziyollohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (sollollohu alayhi vasallam) :Halokatga yetaklovchi amaldan saqlaninglar deganlarida, sahobalar: Yo Allohning rasuli ular nima deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): Alloh taologa shirk keltirish, sehr-jodu qilish, nohaq birovni o‘ldirish, sudxo‘rlik, yetimning haqqini yeyish, vatan himoyasi yo‘lidan qochish, iffatli mo‘mina ayollarga tuhmat qilishdir"- dedilar".

Vatan himoyasidagilar Allohning amrini ado etayotgan, naqadar sharafli, havas qilishga, faxrlanishga arziydigan insonlar hisoblanadi

Shayx Muhammad G‘azzoliy vatan xaqida bunday deganlar: "Inson o‘z yerini undagi narsalari bilan, garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham, sevadi. Vatanni sevmoqlik qalbdagi asl, tug‘ma tabiatdir. Tug‘ma tabiat  insonni vatanida yashab turganida xotirjam, undan yiroqda bo‘lganida sog‘inadigan, unga hujum bo‘lganida himoya qiladigan, unga hurmatsizlik qilganida g‘azablanadigan qilib qo‘yadi".

14-yanvar Vatan himoyachilari kuni. Aziz yurtimiz osudaligi, xalqimiz tinchligi, ajdodlardan meros bo‘lib qolgan ma'naviy-moddiy boyliklarimiz himoyachilari-vatan posbonlari, shijoatli o‘g‘lonlarimiz kasb bayramingiz muborak bo‘lsin. Alloh Taolo sizning sharafli va savobli ishlaringizda O‘zi madadkor bo‘lsin!

Nurulloh o‘g‘li Nasrulloxon - Pastdarg‘om tuman “Chandirobod” jome masjidi imom-xatibi 

 


Kiritilgan vaqti: 13/01/2020 10:00;   Ko‘rilganligi: 4611
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/osuda-hayotimiz-posbonlari
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 14:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing