O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

FARZANDNING OTA-ONA OLDIDAGI BURCHI

 
 

Bismillahir rohmanir rohim!

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, shukronalarimiz bo‘lsin. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu- salovotlarimiz bo‘lsin.

Alloh taolo o‘zining so‘ngi ilohiy ta'limoti bo‘lgan Qur'oni karimda musulmon ummatini go‘zal axloqiy sifatlar bilan sifatlanishga chaqiradi. Avvalo, insoniyatga O‘zining yakkayu yagona Zot ekanligini, butun olamlarni yo‘qdan bor qilganligini, bu dunyoni insonni sinash uchun yaratganligini, inson bu hayotiy dunyoda Alloh taoloning imtihonidan o‘tishini, muvaffaqiyat bilan o‘tgan bandalarini oxiratda go‘zal maskanlarga kiritmoqligini bayon qildi. Shuningdek, o‘ziga ibodat qilishga buyurib, isyon qilmaslikka chaqirdi. O‘ziga itoat va ibodatda bo‘lgan bandalari uchun dunyo va oxiratda hech bir xavfu xatar yo‘qligini ta'lim berdi.

Alloh taolo bandasini avvalo, o‘zini tanimoqlikka, o‘ziga ibodat qilmoqlikka, shuningdek, insonni dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan ota-onasini rozi qilmoqlikka buyuradi. Qur'oni karimda ota-onaga yaxshilik qilish qanchalar oliymaqom ish ekanini bayon etuvchi oyatlar ko‘pligini hozirgi kunda musulmon bo‘lmagan kishilar ham yaxshi bilishadi.

Alloh taolo Ankabut surasi 8-oyatida: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” – deb marhamat qiladi.

Ota-ona har bir inson uchun nihoyatda mo‘tabar, har qancha e'zozga loyiq kishilardir. Islom dini ota-ona kim bo‘lishidan qatiy nazar ularni hurmat- ehtirom qilishga buyuradi. Dunyoda islom dinichalik ota-onani hurmatini yuqori darajaga qo‘ygan ta'limot yo‘q.

Abdulloh ibn Umar r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Robbini rizosi ota-onaning rizoligidadir. Robbining noroziligi ota-onaning noroziligidadir”, deyiladi. Bizda “Ota rozi-xudo rozi” degan gap bor. Xuddi mana shu xalq so‘zi yuqoridagi hadisning ma'nosi bilan hamohangdir. Buning ma'nosi Allohning roziligi ota-onaning roziligidadir. Allohning noroziligi esa ota-onaning noroziligidadir, deganidir. Demak, kim Alloh taoloni rozi qilishni istasa, ota-onasini roziligiga harakat qilishi kerak ekan. Mashhur sahobiylardan Ibni Abbos raziyollohu anhu aytadilar: “Qaysiki mo‘min bandaning ota-onasi hayot bo‘lib, ularga yaxshilik qiluvchi bo‘lib tong ottirsa Alloh taolo u bandasi uchun jannatdan ikki eshik ochadi”. Hech qaysi ota-ona o‘z farzandidan norozi bo‘lmaydi. Shunday ekan, ota-ona rozi ekan Alloh taolo ham u bandasidan rozi bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, oramizda ota-onaning qadriga yetmasdan, ularni behurmat qilib, qarigan chog‘larida ust-boshiga, kiyimiga, taomiga hamda yoshi ulug‘lar uchun qarigan chog‘ida zarur bo‘ladigan ehtiyojlariga beetibor bo‘lib, gunohkor bandalar qatoriga qo‘shilib qoladigan kimsalar yo‘q emas. Bu borada Zayd Ibn Aliy otalaridan, otalari esa bobolaridan rivoyat qilgan hadisni keltirib o‘tishni lozim tobdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agarchi Alloh taolo menga “uf-f” deyishdan ham ozrog‘i oq bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishini ta'lim berganida edi, albatta, o‘shandan ham qaytargan bo‘lar edim. Ota-onani norozi qilib oq bo‘lgan oqpadar farzand har qancha xayrli amal qilmasin aslo jannatga kirmaydi. Ota-onasini roziligini olgan farzand har qancha xato qilmasin aslo do‘zaxga kirmaydi” - deganlar.

Yana bir boshqa hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Albatta, ota-onaning la'nati farzandning aslini kesadi. Ya'ni ota-onaning la'nati ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi rishtani uzadi. Agarchi farzand ota-onaga oq bo‘lsa. Bas, kim ota-onasini rozi qilibdi, u Xoliqini ya'ni Yaratuvchisini rozi qilibdi. Kim ota-onasini g‘azablantiribdi, u Xoliqini ya'ni Yaratuvchisini g‘azablantiribdi. Kimki ota-onasi yoki ikkovidan birlari tirik bo‘laturib, bas, ularga yaxshilik qilmasa, do‘zaxga kiradi va Alloh taolo uni o‘z rahmatidan uzoq qiladi” deganlar.

Furqod as-Sanjiy rohimahulloh aytadilar: “Ba'zi kitoblarda o‘qidim: Farzandning ota-ona huzurida ularning iznisiz gapirmog‘i joiz emas. Birga yurganlarida esa farzand ota-onaning oldidalarida ham, o‘ng va chap tomonlarida ham yurmaydi. Faqatgina ortlaridan ergashib yuradi, go‘yoki qul o‘zining xojasiga ergashib yurgani kabi”. Agar farzandlar bu axloqiy fazilatlar bilan bezanganlarida edi, qanday ham go‘zal bo‘lur edi. Hishom Ibn Urva otalaridan rivoyat qiladilar: “Hikmatlarda quyidagilar bitib qo‘yilgan: Ota-onasini la'natlagan, yo‘lto‘sarlik, qaroqchilik bilan shug‘ullangan, ko‘zi ojiz, ko‘r kishini yo‘ldan adashtirgan, Allohdan o‘zgani nomini aytib jonliq so‘ygan kimsalar mal'undirlar. Shuningdek, Qo‘shnisining yeriga egalik qilmoqchi bo‘lib, o‘zlashtirib olgan kimsa ham mal'undir”. Endi yuqoridagi otasini la'natlagan, onasini la'natlagan-mal'undir, degan iboraga kelsak, bu o‘rinda savol paydo bo‘lishi mumkin: “kishi ham o‘z ota-onasini la'natlaydimi degan”. Bu iborani shunday tushunishimiz kerak bo‘ladi. Bir inson ota-onasiga, bobokalonlariga la'nat keltiruvchi qabih, jirkanch gunohni qildi, jinoyat qilib butun el-yurtning, mo‘min musulmonlarning la'natiga giriftor bo‘ldi. Uning olgan la'natidan unga tarbiya bergan ota-ona, bobokalonlariga ham nasiba yetar ekan. Shuning uchun farzandlarni go‘zal tarbiya qilmoq, ota-onaning haqlarini ularga anglatmoq, Allohning roziligi ota-onaning roziligiga bog‘liq ekanligini tushuntirmoq kerak bo‘ladi. Farzandlarni komil odobli etib tarbiyalamoq uchun avvalo, ularni halol peshona teri evaziga topilgan mablag‘ bilan nafaqasini ado etmoq kerak bo‘ladi. Alloh taolo bandasiga farzand ne'matini ato etar ekan, shukrona sifatida ta'lim va tarbiya bermoqlikni ham ota-onaning zimmasiga vojib qiladi. Qadimdan farzandlarga ota-onaning haqini anglatmoqlik borasida, go‘zal uslublar ila farzandlarga ta'lim va tarbiya berib kelingan. Shunday ekan, bugun ham bu an'anani davom ettirib, qadimiy urf-odatlarimizni jonlantirmog‘imiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Mansurjon Abduxoliqov - Payariq tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/05/2020 10:48;   Ko‘rilganligi: 25
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzandning-ota-ona-oldidagi-burchi
Chop etilgan vaqti: 27/05/2020 18:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing