O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Yot g‘oyalarga aldanmaylik!

 
 

Alloh taolo bandalarini yaxshilik va taqvoda hamkorlik qilishga buyurib, gunoh ishlardan tiyilishga, adovatdan yiroq bo‘lishga chaqiradi. Afsuski, hozirgi kunda ba'zi kishilar, jumladan, yoshlar   Internet tarmog‘i orqali islom haqidagi noto‘g‘ri, noxolis ma'lumotlarni, terrorchi guruhlarning manfaatiga mos xabarlarni yoyishda vositachi bo‘lib qolmoqdalar. Bu bilan ularning gunohlarida sherikka aylanmoqdalar. Alloh taolo Hujurot surasida marhamat qiladi: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab  (tekshirib) ko‘ringiz” (Hujurot surasi 6-oyat).

Ma'lumki, mamlakatimiz aholisi diniy e'tiqod masalasida o‘ta xassos bo‘lgan va pok e'tiqodni muqaddas sanagan. Bugun mana shu jihatni yoshlar ongiga to‘g‘ri singdirish dolzarb vazifadir. Chunki sog‘lom e'tiqod jamiyatning tinchligi va ravnaqiga xizmat qiladi hamda insonni ikki dunyo saodatiga yetishtiradi.

Afsuski, sog‘lom e'tiqodni oyoqosti qiladigan va muborak dinimizni o‘z manfaaati yo‘lida qurol qilib olgan kimsalar borligi bugun barchamizni tashvishga solmoqda.Ma'lumki, aqidaparast  va buzg‘unchi kuchlar xalq ruxiyatini ichdan yemirib, halokatga boshlaydi. Jamiyatning hamjixatligini buzadi, xalqni jar yoqasiga olib boradi. Diniy tushunchalardan ustalik bilan foydalanib,odamlarga uning asl mohiyatini buzib ko‘rsatadi. Shuningdek xalqning ishonuvchanligidan foydalanib, ommani norozilik kayfiyatida tarbiyalaydi. Yoshlarni esa aldov yo‘li bilan o‘zining jirkanch quroliga aylantirib, juvonmarg qiladi.

Aqidaparastlar fikricha islom ma'rifatini yoyishning yo‘li faqat zo‘rovonlikdir. Shu yo‘lda ular jangarilarni tayyorlash va qo‘poruvchilik bilan insonlarga vahima solish orqali o‘z qora niyatlariga yetishni maqsad qiladi. Vaholanki, Alloh taolo : “(Ey Muhammad), Robbingizning  yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..” (Nahl surasi 125-oyat)

G‘oyalar kurashi davrida har bir fuqaro tajovuzlar mohiyatini to‘g‘ri anglab yetishi  talab etiladi. Shu bilan birga, bunday qarama-qarshiliklar qaysi kuchlarga  tayanishi, qanday fikrlarni targ‘ib etishini ham yaxshi anglash lozim. Ana shunday g‘oyalarga qarshi  mustahkam immunitetni shakllantirish va bunyodkor g‘oyalar bilan kamol topgan yoshlar qatlamini vujudga keltirish dolzarb vazifadir.

J.Jamuratov - Payariq tuman Islom nuri jome masjidi noib imomi 


Kiritilgan vaqti: 11/07/2020 14:12;   Ko‘rilganligi: 763
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/yot-goyalarga-aldanmaylik
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 23:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing