O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Buyuk allomalar

Sihohi sitta. 6-qism. Imom Ibn Moja

 
 

U zot Muhammad ibn Yaziyd Rib'iy Qazviniy Abu Abdullohdir. Otasi Yaziyd Moja deb tanilgan edi. Shuning uchun bu kishi Ibn Moja bo‘lib chaqirildi.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Abdulloh ibn Moja Robiiy al-Qazviniy hijratning 209 yili Iroq shaharlaridan biri – Qazvinda tavallud topdilar. Otalari «Robia» qabilasining boshlig‘i bo‘lib, Moja ismi bilan tanilgan edilar.

Imom Ibn Moja «Sahih» deb tan olingan 6ta kitobdan birining sohibi bo‘lmish imomlardan edilar.

U zot voyaga yetganda hadis to‘plash uchun Iroq, Basra, Kufa, Shom, Misr, Ray kabi o‘lkalarga safar qildilar. Damashqdagi Hishom ibn Ammor, Abbos ibn Valid, Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashir, Mahmud ibn Xolid, Misrdagi Harlamata ibn Yahyo, Abu Tohir ibn as-Sirota, Muhammad ibn Ramh, Muhammad ibn Horis, Yunus ibn Abdul'alo, Xumsdagi Muhammad ibn Musaffo, Hashshom ibn Abdulmalik, Bog‘doddagi Abu Bakr ibn Abu Shayba, Ahmad ibn Abda, Ismoil ibn Muso, Abu Haysama Zohir ibn Xarb kabi ulamolardan dars olib, hadislar to‘pladilar.

Imom Ibn Moja hammasi bo‘lib 32ta kitob yozganlar. Shulardan mashhurlari: «Sunani Ibn Moja» (hadis kitoblari), «Tafsiri Ibn Moja» (tafsir kitoblari), «Tarixi Ibn Moja» (tarix kitoblari).

U zotdan Muhammad Iso al-Abhariy, Abu Umar Ahmad ibn Muhammad al-Madaniy, Ali ibn Ibrohim al-Qatton, Sulaymon ibn Yazid al-Foliy, Abu Toyyib Ahmad ibn Ruh al-Bog‘dodiylar dars olishgan va hadis rivoyat qilishgan.

Ibn Mojaning o‘zlari va kitoblari to‘g‘risidagi ulamolar ko‘p maqtovli so‘zlarni aytishgan. Abu Ya'lo al-Halimiy aytadilar: «Ibn Mojaga odamlar ishonib, hadis ilmida u kishiga suyanadilar». Muhammad ibn Ja'far al-Kattoniy o‘zlarining «Risolati al-mustatrofa» kitoblarida shunday keltiradilar: «Ulamolar Ibn Mojaning «Sunan» kitoblarini ishonchli, kuchli va fiqh ilmida katta foyda berishini ko‘rib, oltinchi sahih kitob», deb tan olishdi».

Ibn Tohir aytadilar: «Kimki Ibn Mojaning hadis kitoblariga qarasa, boblari ko‘pligi, bir hadis qayta takrorlanmasligi va hadislarning chiroyli tartibda yozilganligini ko‘rib, haqiqatda u zotni hadis jamlashda va kitob yozishda qanday yaxshi yo‘l tutganlarini biladi. Bu kitob juda mashhur bo‘lmasa ham, o‘ziga yarasha obro‘-e'tibori bordir».

Abu Hasan Ali Ibrohim ibn Salama aytadilar: «Imomning «Sunan» kitobi 32 juz bo‘lib, unda 1500ta bob bordir. Va bu kitob 4341dan ziyoda hadisni o‘z ichiga olgandir».

Bu zot hijratning 273 yili Ramazon oyining 22 dushanba kuni vafot etdilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari, Xayrulloh Sattarov tayyorladi.


"Sihohi sitta" turkumidagi maqolalar

Sihohi sitta. 1-qism. Imom Buxoriy

Sihohi sitta. 2-qism. Imom Muslim

Sihohi sitta. 3-qism. Imom Abu Dovud

Sihohi sitta. 4-qism. Imom Termiziy

Sihohi sitta. 5-qism. Imom Nasoiy

Sihohi sitta. 6-qism. Imom Ibn Moja


Kiritilgan vaqti: 28/07/2019 09:21;   Ko‘rilganligi: 6004
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/reference/scholars/sihohi-sitta-6-qism
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing