Xalqaro forum qatnashchilari Samarqandda
Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro “Ziyorat-turizmi” Forumi qatnashchilaridan iborat delegatsiya bugun tongda Samarqand shahriga tashrif buyurdilar. Mehmonlar ziyoratni “Shohi-Zinda” jome masjidida bomdod namozini ado etish bilan boshladilar. Shundan so‘ng majmuani ziyorat qildilar. Mehmonlarning keyingi ziyorat manzili “Registon” ansambili bilan tanishish bo‘ldi. Ansamlning me'moriy yechimi ajdodlarimiz madaniyati va san'atining yaqqol ifodasi sifatida barchani hayratga solib kelmoqda. Mana shunday ta'sirotlar bilan mehmonlar Payariq tumanidagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohi sari yo‘l oldilar. Ushbu maskanda hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriyning qabrlarini ziyorat qilib, haqlariga tilovat va duo qilindi. Shundan so‘ng, Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtrish ishlari, ilmiy xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Samarqanddagi Siyob bozori har bir sayyoh ko‘rishi zarur bo‘lgan shaharning qadimiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Sharq bozori — bu nihoyatda o‘ziga hos joy bo‘lib, qadimiy shahar muhitini his etish mumkin. Bundan bir necha yillar ilgari bozorlar Buyuk Ipak yo‘lidagi bosh strategik savdo obyektlar vazifasini o‘tagan. Mehmonlar ham Imom al-Buxoriy jome masjidida peshin namozini o‘qiganlaridan so‘ng Samarqand shahriga kelib, Siyob dehqon bozorida bo‘ldilar. Forum ishtirokchilaridan iborat delegatsiyaga Samarqand viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov hamrohlik qildi. Mehmonlarning navbatdagi manzili Toshkent shahri.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 23/02/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1445
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 16:46