Oilada er va xotinning burchlari
Kattaqo‘rg‘on shahar FHDYO bo‘limida oila quruvchi yoshlar bilan "Oilada er va xotinning burchlari” to‘g‘risida suhbat bo‘ldi. Shahar oila markazi va shahar bosh imom xatibligi ishtirokida o‘tgan tadbirda shahar bosh imom xatibi Xayrulloh Do‘stmurodov ma'ruza bilan ishtirok etib, oila qurish ostonasida turgan yoshlarga quyidagicha tushunchalar berdi: “Azaldan ota-bobolarimiz oila totuvligi va mustahkamligini boshqa masalalardan ko‘ra birinchi o‘ringa qo‘yib, oilaning tartib intizomi va tarbiyasi bilan alohida shug‘ullanganlar. Zero, oila qurish, oilaviy ishlar bilan shug‘ullanish ulug‘ ibodatlardan bo‘lib, bir oilaning ajralishi bu turli fitna va fasodlarning paydo bo‘lishi va avj olishiga olib keladi. Shuning uchun ham dinimizda oilaning ajralishi ma'qullanmaydi. Alloh taolo oilani saqlash mas'uliyatini erkaklarning zimmasiga yuklab, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso, 19–oyat).
Islomda oiladagi kelinga xonadon sohiblari o‘z qizlari kabi munosabat ko‘rsatishga buyuradi. Albatta, kelinning ham zimmasida oilada o‘ziga munosib majburiyatlari mavjud. Sabru qanoat, shukru itoat kabi fazilatlarni o‘zida kasb qilgan bo‘lishi, yangi oila a'zolari bilan odob-axloq va izzat-hurmat me'yorlariga qat'iy rioya qilgan holda muomalada bo‘lish shular jumlasidandir. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘iga nisbatan hurmat va e'tibor eng oliy darajada bo‘lishi talab etiladi”.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 10/10/2019 15:04; Ko‘rilganligi: 1398
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:18