“Islom – tinchlik dini” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidi imom xatibi Zafar Mahmudov shahardagi “Tinchlik” mahallasi fuqarolari bilan “Islom – tinchlik dini” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etdi. Samarqand azaldan ko‘pmillatli zamin hisoblanadi. Ayni paytda viloyatimizda yuzdan ortiq millat va elat vakillari ahil hayot kechirmoqda. Insonning baxtli yashashi uchun, eng avvalo, erkinlik, tinchlik va ijtimoiy adolat muhiti lozim. Yaratganga shukrki, erkimizni qo‘lga kiritganmiz va mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Z.Mahmudov “Islomning ma'nolaridan biri – tinchlik. Islomda tinchlik inson qalbidan boshlanadi. So‘ng qalbdagi bu tinchlik oilaga ko‘chadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ishga soladi. Oiladagi tinchlik qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar orasiga ko‘chadi. So‘ngra bu tinchlik jamiyatga o‘tadi. Davlat miqyosidagi tinch yashashga esa jamiyat tinch bo‘lgandagina erishiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamdan sahobalar: “Mukammal inson kim?”, deb so‘rashganda, u zot sollallohu alayhi va sallam: “Tili va qo‘li bilan boshqalarga ozor bermagan kishi”, deya marhamat qilganlar. Boshqa hadislarida hatto hididan ham boshqalar ozor topmasligiga buyurganlar”, -dedi.
Shuningdek, davra suhbatida Samarqand shahar hokimligi va jamoatchilik vakillari ishitrok etdi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 13:59; Ko‘rilganligi: 1347
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 00:24