O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

Dillarga xursandchilik ulashish - har bir inson uchun huzurbaxsh amaldir.

 
 

Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida yurtimizning bir qancha shaharlarida eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan shaxslar bilan diniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 20 yanvar kuni Samarqand shahridagi “Xo‘ja Is'hoqi Vali” jome masjidida ham ilk bor shu kabi tadbir o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng haftaning har dushanba va payshanba kunlari eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan bunday insonlarning siniq ko‘ngillarini ko‘tarib, dillariga xursandchilik ulashish, ularning dinimizni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash, bu boradagi ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlash, Islom dinining insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilish va shu orqali yot g‘oyalarga barham berish maqsadida ushbu tadbir o‘tkazib kelinmoqda. Masjid imom xatibi Yo.Mansurov yig‘ilganlarga Islom dinining asoslari, odob va axloq mezonlari, ilm-ma'rifat tushunchasi kabi mavzularda ma'ruzalar bilan chiqish qilmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limining ko‘magi bilan monitor orqali yozib olingan juma ma'ruzasining surdo tarjimasi tadbir ishtirokchilariga namoish etilmoqda. Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, Vaqf” xayriya jamoat fondi va uning Samarqand viloyati bo‘limi tadbir ishtirokchilariga barcha sharoitlarni yaratib berishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Fond faoliyatiga bag‘ishlangan ma'lumotlar joylashtirilgan yillik taqvim va boshqa sovg‘alar tadbir qatnashchilariga sovg‘a sifatida taqdim etildi.

Navbatdagi vazifa imkoniyati cheklangan fuqarolar, eshitish va nutq a'zolarida nuqsoni bor kishilar uchun juma ma'ruzasi surdo tarjimoni vositasida masjidda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish. Shunda juma namoziga kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlari uchun belgilangan joyda monitorlarda imom-xatibni va uning yonida esa surdo tarjimon harakatlarini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 21/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1287
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/dillarga-xursandchilik-ulashish---har-bir-inson-uchun-huzurbaxsh-amaldir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 20:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing