O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Zulqa'da oyi muborak bo‘lsin! Bu oyda qanday amallar bajariladi?

 
 

Zulqa'da nima degani? Lug‘atda “makonga qaytadigan”, “joylanib olinadigan” degan ma'noni anglatadi.

 Zulqa'da – shahrul harom.

Zulqa'da oyi to‘rt harom oylardan biri bo‘lib, bu oyda jang va urushlar harom qilingan. (To‘rt harom oylar zulqa'da, zulhijja, muharram va rajab). Johiliyat davrida ham bu oyda urush boshlamasdilar. Hatto farzand o‘z otasining qotilini ko‘rganda ham bu oyning hurmatidan unga biror so‘z aytmasdi.

Zulqa'da – hijriy taqvimning o‘n birinchi oyi. Bu oy shavvoldan keyin va zulhijjadan oldin keladi.

 Bu yilgi Zulqa'da oyi qachondan boshlanadi?

Bu yil (2024) Zulqa'da oyining birinchi kuni 9 may kunidan boshlanishi kutilmoqda, inshaAlloh.

 Qur'oni karimda Zulqa'da oyi...

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang. Mushriklarga qarshi jam bo‘lib, ular sizga qarshi jam bo‘lib urushayotgandek, urush qiling. Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir (Tavba surasi, 36-oyat).

 Hadisi sharifda Zulqa'da oyi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, zamon Alloh taolo osmonlar va yerni yaratgan paytdagi holiga qaytdi. Bir yil o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rti harom oylardir. Uchtasi birin ketin: zulqa'da, zulhijja va muharram hamda (to‘rtinchisi) jumadi (as-soniy) va sha'bon orasidagi muzarning rajabi (bu oyni hurmat qilganlari uchun muzar qabilasining nomi bilan atalgan)”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Bu oyda qanday amallarni bajarish lozim?

Allohdan mag‘firat so‘rashni, istig‘for aytishni ko‘paytiring.

Imkon qadar infoq, ehson sadaqa qiling.

Har kuni Mulk surasini o‘qing.

Insonlarga zulm qilmang.

G‘azabingizni yutishga odatlaning.

Zuho namozini o‘qing.

Ko‘proq Qur'on tilovat qiling.

Nafl ro‘zalarni tuting.

Davron NURMUHAMMAD


Kiritilgan vaqti: 14/05/2024 16:22;   Ko‘rilganligi: 319
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/zulqada-oyi-muborak-bolsin-bu-oyda-qanday-amallar-bajariladi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 12:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing