O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yuksak qalb sohibi edi

 
 

O‘lim haq, ammo, yoningizda ko‘p yillar davomida birga xizmat qilib, umrguzaronlik qilib yurgan inson olamdan o‘tsa , juda achchiq va qayg‘uli bo‘lar ekan. Elimiz, yurtimiz zabardast va fidoiy bir farzandidan ayrildi. Uzoq yillar el-yurt xizmatida bo‘lgan, o‘zining ilmiy salohiyati bilan barchalarimizga ziyo taratib, diniy soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan  muhtaram domlamiz Xayrullo hoji Turmatovni beshafqat o‘lim oramizdan olib ketdi.

Muhtaram ustoz Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini muvaffaqiyatli tugatib, uzoq yillar Toshkent viloyatidagi «Chetsuv», «Qorabog‘», «Zangiota» jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab keldi. So‘nggi yillarda esa Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifasida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan edi.

Men shu sohada ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis sifatida Xayrullo hoji Turmatovning diniy sohadagi faoliyati bilan anchagina  tanish edim.  Bu Inson qayerda faoliyat ko‘rsatmasin, o‘sha joy obod va ko‘rkam maskanga aylangan. Bu Insondagi samimiyat, soddadillik va ochiq chehralik bir vaqtning o‘zida mas'uliyat hamda burch tushunchalari bilan uyg‘unlashgan  holda namoyon bo‘lar edi.

Xayrullo hoji Turmatov Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro markazining ilk  tinglovchilaridan biri edi. Shu joyda ham domlaning faolligi, ilmga bo‘lgan muhabbati hamda hozirjavobligi yaqqol ko‘rindi. Tinglovchilar sardori sifatida barchani o‘z atrofida birlashtirib, o‘quv jarayonlarining samaradorligini oshirishda katta hissa qo‘shdi.

Ustozning telekanallardagi barcha chiqishlari mazmundor, salmoqli va ta'sirli edi. U kishining har bir aytgan so‘zi eshituvchi qalbiga muhrlanib qolardi.

Taassuflar bo‘lsinki shunday aziz inson oramizdan ketdi. Hali yurtimiz, xalqimiz uchun juda ko‘p xizmatlari bor edi. Ilohim Yaratgan zot hoji birodarimizni o‘zi rahmat aylab, joylarini jannati Firdavslardan qilsin. Oila va farzandlariga chiroyli sabri jamil ato aylasin.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi

Faxriddin Muhammadiyev


Kiritilgan vaqti: 17/09/2020 13:01;   Ko‘rilganligi: 1166
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yuksak-qalb-sohibi-edi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing