O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGIGA RIOYA QILISH HAQIDA

 
 

Savol: Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari yaqin tariximizda insonlar tomonidan o‘ylab topilgani ma'lum. Unga rioya qilishga Dinimizning munosabati qanday?  

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Muborak dinimiz ko‘rsatmalari inson hayotining hamma jihatini o‘z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi o‘rnini belgilab beradi. Islom shariati insonning hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish maqsadida odam bolasini aziz va mukarram deb e'lon qilgan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deb marhamat qiladi:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا

ya'ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi 70-oyat).

Inson zotiga turli xil ulovlarning bo‘ysundirilishi, harakatlanishi uchun qulay imkoniyatlar qilingani, keyingi asrlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi – Alloh taolo tomonidan bandasiga ato etilgan ulug‘ ne'matlardir. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:

وَتَحْمِلُ أَثْقَالَكُمْ إِلَىٰ بَلَدٍ لَّمْ تَكُونُوا بَالِغِيهِ إِلَّا بِشِقِّ الْأَنفُسِ ۚ إِنَّ رَبَّكُمْ لَرَءُوفٌ رَّحِيمٌ (7 ) وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً ۚ وَيَخْلُقُ مَا لَا تَعْلَمُونَ (8)

ya'ni: “Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko‘tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi 7, 8-oyatlar).

Islom shariati yo‘l harakati qoidalariga – ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga yetishga xizmat qiladi:

  1. Hayotni saqlash.
  2. Avlodni saqlash.
  3. Mulkni saqlash.

Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim bo‘lgan ko‘plab sunnatlar va odoblar mavjud. Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida o‘zi va o‘zgalarni xatarga qo‘ymasligi, piyodalar, yo‘lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo‘l harakati ishtirokchilarining barchasi yo‘l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlari lozim bo‘ladi. Qoidani buzish – boshqa bir yo‘l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

Islomning asos qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ (رواه الامام  ابن ماجه عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya'ni: “(Islomda) Zarar ko‘rish ham zarar berish ham yo‘q (Imom Bayhaqiy, 133-hadis). Ushbu shar'iy qoidaga ko‘ra haydovchi o‘zgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar bo‘ladi. Faqat haydovchiga bog‘liq bo‘lmagan, uning aybi yo‘q holatlar – bundan mustasno hisoblanadi.

Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish bo‘yicha doimiy qo‘mitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yo‘l harakati qoidalariga amal qilish – vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga ko‘ra yo‘l qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qo‘llash joizligi  kelib chiqadi.

Har bir musulmon haydovchi o‘zining beparvoligi, ma'suliyatsizligi, avtotransportga xizmat ko‘rsatish va yo‘l harakati tartib-qoidalariga rioya etmaslik oqibatida baxtsiz hodisa ro‘y bersa, amaldagi qonunlar asosida javob berishi, shariat nuqtai-nazaridan esa gunohkor bo‘lishi va Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida ham javob berishini unutmasligi lozim. Qur'oni Karimda “Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u o‘zingizdandir....”, – deyilgan (Niso surasi 79-oyat).

Ta'kidlash joizki, ayrim mutaassib shaxslar: “Yo‘l harakati qoidalari Qur'oni karimda ham, sunnatda ham vorid bo‘lmagan, u islom shariatidan tashqaridagi narsa, demak, unga amal qilmasa ham bo‘laveradi” degan o‘ta xatarli “fatvo”larni bermoqdalar. Ba'zi musulmonlarning bu kabi nayranglarga uchishi oqibatida bugungi kunda yo‘ldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va yo‘l-transport hodisalari ro‘y bermoqda. Aslida esa yo‘lda harakatlanishda qoidalarga rioya etish, odob va madaniyat borasida musulmonlar peshqadam bo‘lishlari lozim.

Yo‘llardagi baxtsiz hodisalarning aksariyati tezlikni oshirish va qarama-qarshi yo‘lga chiqish oqibatida sodir bo‘lmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda shoshqaloqlikdir. Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir ishda sahobalarni shoshqaloqlikdan qaytarib kelganlar va hadisi shariflaridan birida:

التَّأنِّي من اللهِ والعجَلَةُ من الشيطانِ (رواه البيهقي في "السنن الكبرى")

ya'ni: “Bosiqlik – Allohdan, shoshqaloqlik – shaytondandir”,  deganlar (Imom Bayhaqiy, 20280-hadis).

Shuningdek, yo‘lning qatnov qismida to‘xtab, yo‘lovchi olish, harakatni to‘sib gaplashib turish yoki transport vositasini yo‘lning o‘rtasida qoldirib ketish ham shariat man etgan amallardan hisoblanadi. Sahl ibn Muoz o‘z otasidan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bu jonivorlarni yaroqli holida mininglar va yaroqli holida tark etinglar. Ularni yo‘l va bozorlarda gaplashish uchun kursilar qilib olmanglar”,  deganlar (Imom Hokim, 444-hadis). 

Abu Sirmadan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud, 3635-hadis). 

Insonning hayoti va sog‘lig‘i Alloh taolo tomonidan vaqtincha berilgan. O‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazgan odam ushbu qilmishi uchun Yaratgan oldida javob beradi. Haydovchi va piyodalar transport yo‘llarida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi, avvalo o‘z hayotlarini, qolaversa boshqa insonlarni ham xavf ostiga qo‘yadi. Alloh taolo Qur'oni karimda insonlarni o‘z jonlarini tahlikaga solishdan qaytargan:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ

ya'ni: “O‘zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi 195-oyat).

Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yo‘lovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi o‘zining va boshqalarning hayotini xatarga qo‘yish bo‘ladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni muftiyati ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida ro‘y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi o‘z joniga qasd qilgan bo‘ladi, deb fatvo bergan.

Ta'kidlash joizki, aksariyat yo‘l-transport hodisalari mast holda transport vositasini boshqarish sababli yuz beradi. Mast holda rulga o‘tirish amaldagi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish, islomda esa og‘ir gunoh hisoblanadi. Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas'uldir. Haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin (javobgar) bo‘ladi. Haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o‘zgaga zarar yetkazsa, javobgar bo‘ladi. Chunki islom shariatida haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.

Haydovchi o‘zining, yo‘lovchilarning hamda boshqalarning xavfsizligiga
va salomatligiga ham mas'ul hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan uning yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilishi Islom shariatida vojib hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaydigan kishiga transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas. Chunki u mazkur qoidalarni buzish orqali birovlarning haqlarini poymol qiladi, o‘zining ham, boshqaning ham hayotini xavf ostiga qo‘yadi hamda omma xalq manfaatlarini ko‘zlab joriy qilingan nizomga qarshi chiqqan bo‘ladi. Bu esa – Islom shariatiga mutlaqo ziddir.

Imom Muslim Abu Bakra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon agar bir musulmon birodariga qurol o‘qtalsa, to uni tushirmaguncha farishtalar unga la'nat aytadi”,  deganlar (Imom Muslim, 2616-hadis). Zamonamiz ulamolari temir transport vositasini belgilangan qoidalarga xilof ravishda haydab kishilarning hayotiga tahdid solayotgan haydovchi ham ushbu hadisi sharifga muvofiq farishtalar la'natiga duchor bo‘ladi, deydilar.

Ayrim holatlarda zaruratsiz signal chalish, ovoz chiqaradigan vositalarni baland qo‘yish bilan o‘zgalarga ozor berish hamda qorong‘i vaqtda ko‘zni qamashtiradigan taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish holatlari kuzatiladi. “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi – (komil) musulmondir” deyilgan (Imom Buxoriy, 6484-hadis) hadisga ko‘ra bunday harakatlar dinimizda qaytarilgan amal hisoblanadi.

Transport vositasini yo‘l yurishga to‘liq javob beradigan darajada yaroqli bo‘lishi ham dinimiz talablaridan sanaladi. Shu bois haydovchi transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirishi va yo‘lga to‘la-to‘kis tayyorlashi kerak. Fiqhiy qoidaga ko‘ra, “Vojib usiz mukammal bo‘lmaydigan ish ham – vojibdir”. Demak, transport vositasini haydash joiz bo‘lishi uchun ushbu texnika yo‘lga to‘la yaroqli bo‘lishi lozim. Transport vositalarining texnik holati va jihozlari me'yoriy talablarga to‘la muvofiq bo‘lishi kerak. Aks holda – transport vositasini haydash shar'an mumkin bo‘lmaydi. Shu jumladan, foydani ko‘zlab yuk tashishga mo‘ljallangan transport vositasini belgilangan vazndan ortiq yuklash ham yo‘l harakati xavfsizligiga, demak, insonlarning hayotiga tahdid solishi sababli shar'an joiz emas.

Islomda naqliyot vositalariga alohida e'tibor beriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘sha vaqtda miniladigan barcha ulovlardan yaroqli holda foydalanishga, yaxshi parvarish qilishga buyurganlar. Transport vositasi yo‘lga yaroqli bo‘lishi lozim bo‘lganidek, uni haydovchi shaxs ham uni haydashga layoqatli bo‘lishi shar'an vojib. Ya'ni haydovchi o‘zi minmoqchi bo‘lgan transport vositasini haydashga ayni vaqtda aqlan va jismonan layoqatli bo‘lishi hamda kerakli bilim va tajribaga ega bo‘lishi lozim. Aks holda, u o‘zining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yishi muqarrar. Bu esa shar'an harom hisoblanadi. Shuning uchun, haydovchi shaxsning transport vositasini bezarar, o‘ziga ham, boshqalarga zarar keltirmay boshqarishiga to‘la ishonchi bo‘lmasa, ayniqsa, mastlik holatida, sezgirlik va e'tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta'sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas.

Soha mutaxassislarining ta'kidlashicha, baxtsiz hodisalarda eng ko‘p aybdorlar yosh haydovchilardir. Ularning uquvsizligi va tajribasizligi borasidagi Alloh taoloning huzuridagi mas'uliyat – haydovchilarning o‘qitish tizimidagi mas'ullarning zimmasidadir. Ular haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha zimmalaridagi vazifalarini vijdonan bajarishlari, yetarli bilim va malakaga ega bo‘lmagan o‘quvchilarga haydovchilik guvohnomasini bermasliklari lozim. Aks holda malakasiz haydovchining sodir etayotgan yo‘lbuzarliklariga bu dunyoda ham, Qiyomatda ham tegishli tarzda javobgar bo‘ladilar. Hadisda ta'kidlangan: “Barchangiz qo‘l ostingdagilarga mas'ulsizlar” (Imom Buxoriy, 2409-hadis).

Shuningdek, piyodalar ham yo‘l harakatida o‘z hayotlarini xatarga qo‘ymasliklari talab etiladi. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo‘lkasidan, faqat ular bo‘lmagandagina ehtiyotlik bilan yo‘l yoqasidan yurishlari, yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan, shuningdek yer osti va yer usti o‘tish joylaridan, ular bo‘lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo‘l yoqasi bo‘ylab kesib o‘tishlari kerak. Ushbu qoidalarni buzish insonning bila turib o‘z hayotini xatarga qo‘yishi hisoblanib, bunday ish qilgan musulmon shariat nuqtai nazaridan gunohkor bo‘ladi.

Yo‘l odoblaridan muhimlari – o‘zaro iltifot ko‘rsatish va hurmat bilan munosabatda bo‘lish hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” deb ta'kidlagan (An'om surasi 160-oyat).

Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

- dunyodagi aksariyat fatvo uyushmalari va islom ulamolari xulosasiga muvofiq, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish shar'an vojib amal hisoblanadi. Zero, mazkur qoidalar shariatimiz ta'limotlariga to‘g‘ri keladi. Musulmonlar ushbu qoidalarga e'tiqodan va qunt bilan amal qilishlari kerak;

- ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida ro‘y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi shar'iy jihatdan haddidan oshgan va o‘z joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi.

- yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaydigan yoki bunga layoqati bo‘lmagan shaxslarning transport vositasini boshqarishi joiz emas;

- yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan holatda transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas;

- transport vositasi yo‘lga yaroqli bo‘lmagan holatda undan foydalanish shar'an man etiladi;

- yo‘l jamoa foydalanadigan tarmoq ekani sababli yo‘l harakati ishtirokchilari o‘zaro odob va madaniyat bilan munosabatda bo‘lishlari, boshqalarga xalaqit berishdan, qo‘pol so‘z va xatti-harakatlardan saqlanishlari lozim.  

Musulmon kishini yo‘l harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo‘l harakati havfsizligi bo‘linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yo‘l harakati qonun-qoidalariga amal qilish – Islom shariatining talabi deb e'tiqod qilgan holda bajarishi kerak. Shunda yo‘lda yurish ham ibodatga aylanadi. Vallohu a'lam. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati


Kiritilgan vaqti: 01/06/2021 19:03;   Ko‘rilganligi: 754
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yol-harakati-xavfsizligiga-rioya-qilish-haqida
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing