O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yil yakuni: sarhisob va rejalar

 
 

Yana bir yil nihoyasiga yetdi. Ko‘plab rejalar, maqsadlar, orzu-umidlar bilan boshlangan 2018 yil yutuq va muvaffaqiyatlari, o‘z o‘rnida kamchiliklari bilan tarix zarvaraqlaridan joy oldi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” O‘zbekiston musulmonlari idorasi uchun shuning zamirida Samarqand viloyati vakilligi uchun o‘ta sermahsul yil bo‘ldi. Ushbu yilda oldimizga qo‘ygan ko‘plab maqsadlarimizga erishdik.

Diniy idoramiz musulmon olami ichida yanada ko‘proq obro‘-e’tiborga erishdi. Buni muftiy hazratlarining dunyodagi eng mashhur 500 musulmon ro‘yxatiga kiritilganlari, shuningdek, muftiy hazrat boshchiligidagi diniy idoramiz delegatsiyalarining Fransiya, Ispaniya, Rossiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi ham ta’kidlab turibdi.

Xalqaro islom akademiyasi ta’sis etilishi, Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi, Hadis ilmi maktabi nomli oliy diniy ta’lim muassasi ish boshlagani yurtimizda dinimiz rivoji va xalqimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdagi juda katta qadamlardan biri bo‘ldi.

Yig‘ilish va uchrashuvlarning vidoye-seminar shaklda o‘tkazilishi ham tizimdagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi va yurtimiz bo‘ylab barcha diniy soha vakillarini bir ma’rifat dasturxoni ustida birlashtirish imkoniyati yaratildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi muvaffaqiyatlar haqida yanada ko‘plab raqamlarni keltirishimiz mumkin.

Bizning O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakilligida ham yil davomida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Biz yil davomida aholi turmush tarzini o‘tkazish, jamiyat orasidagi illatlarga qarshi kurashish, ijtimoiy, ma’naviy-ruhiy jihatdan xalqimizni qo‘llab-quvvatlash ishlariga katta e’tibor qaratdik.

Sa’y-harakatimiz natijasi o‘laroq, o‘tgan davr mobaynida imom xatiblar tomonidan 13500 dan ziyod xonadon o‘rganildi. Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 6127ta tadbir amalga oshirildi.

IIB maxsus hisobidan chiqarilgan fuqarolar bilan 2000dan ziyod yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilgan.

O‘rganishlar davomida aholining muhtoj qatlamiga 308312900(uch yuz sakkiz million uch yuz o‘n ikki ming to‘qqiz yuz) so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar esa 8125 tani tashkil etadi.

Shahar va tuman bosh imom xatiblari bilan o‘tkazayotgan yig‘ilishlarimizni sayyor shakllarda ham o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu o‘z navbatida joylardagi masjidlarning mavjud holatini o‘rganish va kamchiliklarni bartaraf etishda yaxshi natijalar bermoqda.

FHDYO bo‘limlarida oila qurish maqsadida ariza bilan murojaat qilgan yoshlar va yosh oila qurganlar bilan 138 marta uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Joylarda mahalla mullalari maqomidagi kishilar otinoyilar faoliyati tartibga olindi.

Imom-xatiblarning bilim saviyasini oshirish, kasbiy mahorat va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida 2 marta o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Har haftaning payshanba kuni o‘tkazilayotgan “ma’naviyat soati” o‘quv-mashg‘ulotlari ham imom-xatiblarimiz faoliyatining muhim bir bo‘lagiga aylanib ulgurdi. Mashg‘ulotlarni namunaviy tarzda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, imom-xatiblarning ijod ahllari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Viloyatda Kalom va Hadis maktablari faoliyat yuritib kelmoqda.

"Eng ma’rifatli imom – 2018" ko‘rik tanlovining vilotimiz bosqichi g‘olibi, respublika bosqichida sharafimizni himoya qilgan Qo‘shrabot tumanidagi "Domlo Omonullo" jome masjidi imom xatibi G‘anijon Abiyev garchi, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, chiqishlari munosib e’tirof etilib, "Eng innovatsion yondashuv" nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.

Respublikamiz bo‘yicha "Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom" nominatsiyasiga Pastdarg‘om tumanidagi "Nurul Islom" jome masjidi imom-xatibi Ozod Nazarov ega chiqdi.

2019 yil obunasini tashkil etishda ham hozirda viloyatlar ichida 3-o‘rinda ketmoqdamiz.

Yil boshidan beri 3 ta masjid qaytadan qurilib, namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Yangidan qurilgan tahoratxonalar esa 7 tani tashkil etadi. 8 ta masjid kapital ta’mirdan chiqarildi. Hozirda 25 masjidda turli hajmda ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan "Obod qishloq" dasturi doirasida Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi qabriston ichida qolib ketgan “Jom ota” masjidini Qarshi-Samarqand trassasi yoniga ko‘chirildi va yirik hajmdagi qurilish ishlari olib borilmoqda.

Viloyatimiz masjidlarida yordamchi xo‘jalik sifatida 14 ta kitob do‘koni tashkil etildi.

Yil boshidan beri imom xatiblar tomonidan ommaviy axborot vositalarida 600 ga yaqin chiqishlar qilingan.

Kelgusi yilda ham yanada samarali faoliyat yuritish oldimizdagi eng oliy maqsadimiz bo‘lib, bu borada istiqbolli rejalarni amalga oshirishni ko‘zlamoqdamiz.

28 dekabr kuni Prezidentimiz parlamentga qilgan murojaatida 2019 yilga "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" deb nom berilganini e’lon qildilar.

Bu nomni har bir soha o‘ziga mos ravishda faoliyatiga tadbiq etmog‘i kerak. Biz bu yilda masjidlar holati va imom xatiblar faoliyatini takomillashtiramiz.

Demak, 2019 yilda:

- ta’mirga muhtoj masjidlarni to‘liq ta’mirdan chiqarish;

- atrofi de’vor bilan o‘ralmagan masjidlarni devor bilan o‘rash;

- barcha masjidlar kirish qismiga masjid nomi yozilgan peshtaxta o‘rnatish;

- barcha masjidlarning tahoratxonalarini zamon talablariga mos holatga keltirish;

- imom xatib va ma’muriyat xonalarini talab darajasiga olib kelish;

- shahar va tuman markaziy masjidlarida tadbirlar uchun "majlislar zali" tashkil etish (Pastdarg‘om tumani misolida) kabi ishlar amalga oshiriladi.

Radio va televideniya uchun intervyu berishdagi bir xillikni yo‘qotish maqsadida har bir tumandan 2 yoki 3ta imom xatib tayyorlab boriladi va intervyu berish ishlariga jalb qilinadi.

Shahar va tuman imom xatiblari orasidan targ‘ibot guruhlari shakllantiriladi. Shu paytgacha sanoqli imomlarimiz ushbu ishga jalb etib kelinayotgan edi. Yangi yildan esa targ‘ibotchi imomlarimiz safini kengaytiramiz.

2019 yilning yanvar va fevral oylarida kitobxonlik oyligi o‘tkaziladi va har bir bir imomga 5 dona kitob beriladi va shu kitoblar asosida tanlov o‘tkaziladi.

Yangi yilda ham aholining ijtimoiy hayotini o‘rganish ishlariga katta e’tibor qaratamiz. Ijtimoiy dolzarb muammolar, oilaviy ajrimlarning oldini olish, noqonuniy nikohlar ro‘y berishiga yo‘l qaymaslik ishlariga jiddiy yondashamiz.

Bugun 2018 yil yakunlandi. Shuning sababidan o‘tgan bir yilimizga boqyapmiz, sarhisob qilyapmiz, yutuqlarimizdan sevinib, kamchiliklarimizdan xulosalar chiqaryapmiz. Demak, ko‘rinib turganidek, bu sana eski yilning tugashi va yangi yilning kirib kelishidagi chegaradir. kishini o‘tgan umrini sarhisob qilish, qilgan ishlarini insof tarozisiga tortib ko‘rishga undovchi imkoniyatdir. Bu kunni e’tiqodga bog‘lash, xurofotlar qatoriga qo‘yish shunchaki, mantiqsizlik xolos. Zero, bizni sarhisob qilishga undaydigan bu kundan oqilona foydalanish haqiqiy mo‘minlarga xos sifat hisoblanadi. Shu o‘rinda hazrati Umar roziyallohu anhuning: "Hisob-kitob qilinishingizdan oldin o‘zingizni o‘zingiz hisob-kitob qiling. Amallaringiz tortilishidan oldin o‘zingiz torting", degan so‘zlarini eslash o‘ta o‘rinli bo‘ladi.

Yangi yilda g‘ayrat va shijoat, mehnat, sadoqat ila birgalikda din va xalq xizmatida oliy marralarni zabt etishimizda Alloh taolo barchamizga madadkor bo‘lsin.

Zaynidddin domla Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 31/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1444
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yil-yakuni-sarhisob-va-rejalar
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 15:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing