O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

YAXSHILIKNING MUKOFATI DOIM YAXSHILIKDIR!

 
 

Allohning hukmi bilan insonlar moddiy imkoniyatlariga ko‘ra turli toifalarga bo‘lindi. Albatta Alloh barchani boy qilishga qodir bo‘la turib ularni boy va kambag‘al qilib qo‘yishida juda ko‘p hikmatlar bor. Alloh ba'zilarga rizqni keng va ba'zilarga esa tor qilib berganidagi asosiy hikmatlardan birini bayon qilib shunday deydi:

وَلَوْ بَسَطَ اللَّهُ الرِّزْقَ لِعِبَادِهِ لَبَغَوْا فِي الْأَرْضِ وَلَكِنْ يُنَزِّلُ بِقَدَرٍ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ بِعِبَادِهِ خَبِيرٌ بَصِيرٌ

ya'ni: «Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-mo‘l qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka o‘tib ketgan bo‘lur edilar. Lekin U o‘zi xohlaganicha o‘lchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va (hamma narsani) ko‘rib turuvchidir»(Sho‘ro surasi 27 oyat).

Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «...Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi»dedilar». (Termiziy rivoyati)

Alloh yo‘lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati to‘g‘risida Qur'onda shunday deyilgan:

إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

ya'ni: «Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir». (Baqara surasi, 271 oyat)

Demak sadaqani xoh oshkora xoh yashirinchi bersin, niyati xolis bo‘lsa, sadaqaga va'da qilingan mukofotga ya'ni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayri ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham manfa'at kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib bir narsani beradi.  Abu Molik Ash'ariy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa hujjat va dalildir (ya'ni imoni borligiga)», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Bugungi kunda bu borada davlatimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kam ta'minlangan oilalarga, boquvchisini yo‘qotganlarga va yetimlarga joylardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari tomonidan har tomonlama yordam berib kelinmoqda.

Shu o‘rinda aytish joizki bugun viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 50 nafar imom-xatib, imom-noiblariga ham ehsonlar tashkil etildi.

 

Biz o‘zimiz yashayotgan mahallalarda kam ta'minlangan oilalarni, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni va yolg‘iz keksalarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qo‘limizdan kelganicha xayr saxovat qilaylik. Shuningdek, “Mehribonlik“, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga moddiy yordamlarimizni ko‘rsatib Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo‘laylik.

Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi axborat xizmati


Kiritilgan vaqti: 09/04/2020 21:09;   Ko‘rilganligi: 1030
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yaxshilikning-mukofati-doim-yaxshilikdir
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 00:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing