O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yaxshilik va mehr ulashish — eng ulug‘ fazilat

 
 

Dinimiz insonni mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va ezgulikka chorlaydigan yuksak qadriyatlar majmuasidir. Ayniqsa, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash, kam ta'minlangan oilalar holidan xabar olish, bemorlar va boquvchisini yo‘qotgan yurtdoshlarimizga mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi savobli amallar xalqimiz hayotida azaldan ezgu an'ana sifatida shakllangan.

Xalqimiz bejizga «Yaxshilik qilsang — o‘zingga qaytar», «Saxovatli inson el ardog‘ida bo‘lar» demagan. Chunki inson qadrini ulug‘lash, muhtojlarning ko‘nglini ko‘tarish va ularga madad berish jamiyatda o‘zaro hurmat, hamjihatlik va birodarlik muhitini mustahkamlaydi.

Shu ezgu maqsadlar yo‘lida joriy yilning 9 iyun kuni Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida sayyor yig‘ilish tashkil etildi. Unda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2025» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida tumanda istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma'naviy ko‘maklar ko‘rsatildi. Xususan, bemorlar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning salomatligi haqida so‘raldi, dillariga tasalli berilib, shifo tilab duolar qilindi. Zero, bemor holidan xabar olish va inson qalbiga umid bag‘ishlash eng ulug‘ insoniy fazilatlardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, turli salbiy ta'sirlar va yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan ayrim fuqarolar bilan ham yakka tartibda ma'naviy-ma'rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnatning barakasi, vatanparvarlik, ma'naviy poklik va jamiyat oldidagi mas'uliyat kabi muhim mavzular atroflicha muhokama qilindi. Hayotiy misollar va samimiy muloqotlar orqali ularning qalbida ezgulik, yaxshilik va kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi.

Sayyor yig‘ilish yakunida tumandagi masjidlarda peshin namozidan so‘ng imom-xatiblar tomonidan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar va mazmunli ma'ruzalar tashkil etildi. Ularda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, ahillik va jamiyatda sog‘lom ma'naviy muhitni qaror toptirishning ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. Shu bilan birga, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yosh avlodning komil insonlar bo‘lib voyaga yetishi hamda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ezgu duolar qilindi.

Bunday xayrli va savobli tadbirlar inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat muhitini yanada mustahkamlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va bag‘rikenglikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Chunki ezgulik, saxovat va mehr-oqibat hukm surgan yurtda baraka, totuvlik va osoyishtalik hamisha ustuvor bo‘ladi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 09/06/2026 18:50;   Ko‘rilganligi: 2
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yaxshilik-va-mehr-ulashish-eng-ulug-fazilat
Chop etilgan vaqti: 09/06/2026 20:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing