Yarim asrga teng din xizmati
2021 yil 15 avgust kuni yurtimiz ahli ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki mintaqadagi mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, fazilatli ulamo, mohir mufassir, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
Barchamiz uchun qadrli, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlari 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi ziyoli oilada tavallud topganlar. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokash davlatining “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.
Muftiy hazrat butun umrlari davomida Islom dini ma'rifatini tarqatish bilan shug‘ullandilar. U kishi Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi, 1987-2006 yillarda esa imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritdilar. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlaganlar.
Ustozimiz Usmonxon Temirxon o‘g‘li hazratlari 2006 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylanib, 15 yildan ziyod vaqt davomida muftiy lavozimida samarali faoliyat olib bordilar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obro‘-e'tiborli ulamolardan biri edilar. Hazrat 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta'sis majlisining a'zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a'zosi etib saylangan edilar.
Islom dini ma'rifatini tarqatish va o‘zaro hamkorlikdagi keng ko‘lamli ishlar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanganlar.
Marhum Usmonxon Alimov hazratlari Markaziy Osiyo musulmonlari ma'naviy taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qilganlari, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqliklari, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatlarni tiklash va asrab-avaylashga qo‘shgan hissalari uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali «Intimoq» medali («Ittifoq») bilan taqdirlanganlar.
Mag‘fur Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro e'tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e'lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladilar. U kishi o‘tgan 11 yildan buyon ushbu ro‘yxatdan mustahkam joy olganlar.
Fazilatli Usmonxon Alimov hazratlarining bir necha o‘nlab diniy-ma'rifiy asarlari va yuzlab ilmiy-ijodiy maqolalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori unvoni berilgan edi. Shuningdek, 2021 yilda O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay'ati raisi etib saylangan edilar.
2006, 2011 va 2016 yillarda tegishliligicha Mustaqillikning 15, 20 va 25 yilligiga bag‘ishlangan esdalik nishonlari bilan taqdirlanganlar. Shuningdek, 2021 yil 19 apreldagi O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori asosida Birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan edilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 1 yanvar kungi Farmoniga asosan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, yosh avlodni milliy va umuminsoniy g‘oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shganlari, uzoq yillardan buyon Islom dinining insonparvarlik, oliyjanoblik g‘oyalarini keng targ‘ib qilganlari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edilar.
Muftiy hazratlari yurtimizdagi masjidlar faoliyati va madrasalari diniy ta'lim tizimida islohotlarni amalga oshirish, o‘quv rejalari va dasturlarini tayyorlash hamda ularni hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita boshchilik qildilar. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma'ruzalari bilan muntazam ishtirok etdilar.
Muftiy hazratlari yurtimizda chop etiladigan diniy mavzudagi gazeta-jurnallar tahrir hay'atlarining a'zosi, nashr etilayotgan diniy kitoblarning mas'ul muharriri sifatida ham islom ma'rifati targ‘ibotiga katta hissa qo‘shdilar. Hazrat o‘ttizdan ziyod kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar ta'lif etganlar. Bugungi kunga qadar u kishining “Tafsiri Irfon”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “So‘ragan edingiz”, “Islom ma'rifati yo‘lida” “Hayotbaxsh ma'naviy meros”, “Buxoriy bobom” kabi asarlari muxlislar ko‘nglidan munosib joy olgan.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qur'oni karim ma'nolarining o‘zbek tiliga tarjimasi va tafsiri mualliflaridan biri edilar. Qur'oni karim oyatlari ma'nolarini tarjima va tafsir qilish ishi juda ham mashaqqatli, mas'uliyatli va ayni vaqtda sharafli vazifadir. Shu ma'noda, xalqimizning Qur'oni karimga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash yo‘lida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan Qur'oni karimning ma'nolari tarjimasi va tafsiri kitobi ta'lif etilgan “Tafsiri Irfon” kitobida Qur'oni karim oyatlari bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chog‘da, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgan.
Islom dinining ezgu ta'limotlarini barchaga go‘zal shaklda yetkazish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi:
“Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).
Islom dini yo‘lida soch-soqoli oqargan mo‘ysafid odamlar haqida Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
مَنْ شَابَ شَيْبَةً فِي الْإِسْلَامِ كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ
“Islom yo‘lida kimning sochiga oq tushgan bo‘lsa, Qiyomat kuni unga nur bo‘ladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Demak, din ta'limotini yaxshi tushunadigan bo‘lish inson uchun katta baxt-saodatdir. Alloh taolo Muftiy hazratlariga ana shunday yaxshilikni iroda etgan bo‘lsin.
Islom dini ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan, dovrug‘i nafaqat O‘zbekiston balki qo‘shni va xorij mamlakatlarida ham ma'lum bo‘lgan rahmatli Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlarining serqirra faoliyatlari barchamizning faxru iftixorimizdir.
Yuqorida qayd etganlarimiz va muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlarining yarim asrga teng – ellik yillik dini mubinimiz yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O‘z mag‘firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulg‘asin, qabrlarini jannat bog‘chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi
Kiritilgan vaqti: 15/08/2021 18:26; Ko‘rilganligi: 949
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:29