YANA BIR ZIYO MASKANI NUR SOCHA BOSHLADI
Qadimdan Samarqand ilm-fan, madaniyat va ma'rifat beshigi sifatida jahon ilm-fani taraqqiyotiga ko‘plab mutafakkirlarini yetishtirib berishda munosib o‘rin tutgan. Asta sekin bu tabarruk maskan yana o‘z mavqeini tiklash sari ildamlab bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF- 5416-son Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etilgan edi. Shu yil 9-10 iyul kunlari qabul imtihonlari o‘tkazilib, maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta'lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olindi.
Bugun, 5 sentyabr kuni ushbu Hadis ilmi maktabida birinchi dars jarayonlari boshlandi. Albatta, bu tarixiy voqeadir. Hadis ilmi maktabining faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi bilan yurtimizdagi diniy ta'lim sohasidagi oliy o‘quv yurtlarining soni yana bittaga ko‘paydi, yana bir ziyo maskani nur socha boshladi. Bu voqeadan yurtimizdagi barcha yoshu qarining hamda ilmga qiziqqan yoshlarimizning sevinchi cheksiz.
Dars jarayoni boshlanishidan avval maktabga mehmonlar tashrif qilib, ustoz va talabalarni muborakbod etdilar va Hadis imli maktabining vazifalari, uning ahmiyati, maktabda yoshlarga saboq beradigan ustozlarning burch va vazifalari hamda talaba yoshlarga zarur bo‘ladigan pandu nasihatlarni berdilar. Shundan so‘ng birinchi dasr soati boshlandi.
Barchamizga yangi ilm-ma'rifat, ziyo maskani, muborak bo‘lsin! Bu dargohdan haqiqiy hadisshunos, Imom Buxoriy rahimahullohning ilmiy vorislari yetishib chiqishini Alloh taolo nasib qilsin!
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 05/09/2019 13:25; Ko‘rilganligi: 1284
Chop etilgan vaqti: 10/11/2024 20:56