XO‘JA ABDU DARUN JOME MASJIDI
“Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasi 21-uyda joylashgan. Masjid 1981 yildan buyon rasmiy faoliyat yurgizib kelmoqda.
Masjidning “Xo‘ja Abdu Darun” nomi bilan atalishining sababi albatta bu joyda Xo‘ja Abdu Darun hazratlarining qabrlari va maqbara joylashganidir. Shu o‘rinda bu zotning tarixi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish lozim.
Hazrati Xo‘ja Abdu Darun haqida asosan ikki manba – Abu Tohirxo‘janing “Samariya” va Abul Hakim Samarqandiyning “Qandiya” asarlarida kengroq ma’lumot berilgan.
Xo‘ja Abdu Darunning nasl-nasabi xususida tarixiy manbalarda yagona fikr, aniq ma’lumotlar mavjud emas. Avvalambor, qayd etmoq zarurki, bul zoti muazzamning maqbaralari Samarqandning qadimiy devori – Devori qiyomatning ichkari (tojikcha - darun) tomonida joylashgani uchun Abdu Darun laqabini olganlar.
“Samariya”da ko‘rsatilishicha, Xo‘ja Abdu Darunning asl ismi Mu’izuddin bo‘lib, xo‘ja Muhammad Yaqubning farzandi, u esa xo‘ja Abdi bin Usmonning o‘g‘lidir.
“Qandiya” muallifi esa allomaning kelib chiqishini Payg‘ambarimizning (s.a.v) qizi Ruqiya bilan bog‘laydi.
Ammo har ikkala muallifning ham ushbu ma’lumotlari sahih emas. Xo‘ja Abdu Darunning payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan irsiy tomondan aloqasi yo‘q. Chunki u zot (s.a.v.) ning Ruqiya qizlari Usmon (r.a.)ga nikohlangach, ulardan Abdulloh ismli farzand dunyoga keladi va bolaligidayoq vafot etadi. Lekin Hazrati Usmonning (r.a.) boshqa xotinlaridan 16 nafar farzandi bo‘lgan, shularning birontasidan Xo‘ja Abdu Darunning nasl-nasabi tarqalishi mumkin. Bu ulug‘ inson Samarqandning ilk tasavvuf namoyondalaridan biri, olim va qozi bo‘lgan.
Olim sifatida Xo‘ja Abdu Darun hol bilan qol bilimlarini to‘plagan. Qozi sifatida misli ko‘rilmagan adolatli inson bo‘lgan.
“Qandiya”da keltiriladiki, “Hazrati Shayx Abu Mansur Moturidiy aytgan ekanlarkim: bizni vafotimizdan keyin Hazrati Xoja Abdu Darunning yaqinlariga dafn etingkim, ul kishi yarim farsax yergacha atrofidagilarni o‘z himoyalariga olib shafoat qilurlar va biz ul kishining shafoatlaridan mahrum bo‘lib qolmaylik”.[1]
Mana shu narsadan ikki muhim xulosa kelib chiqadi: birinchidan, Xo‘ja Abdu Darun chindan ham ulug‘ inson ekanligi zero Shayx Moturidiy kabi ulug‘vor agar u kishining shafoatlariga muhtoj ekan; ikkinchidan, ul buzurgvor ko‘milgan qabristonning qadimiyligi (IX asr), ya’ni u Shohi Zinda qabristonidan ham qadimiyroqdir. Manbalarda ko‘rsatilishicha, alloma 861 yilda vafot qilgan[2].
XIX asrda hovlining g‘arb tomoniga peshayvonli masjid qurilgan. Masjidni xalq me’morchiligining ajoyib namunasi desa bo‘ladi. U aslida sinch devorli binodir. Masjidning xonasi arxitektura jihatdan ajralib turmasada, peshayvoni ajoyib go‘zalligi bilan kishini hayratda qoldiradi.
Ship va devor naqshlari orasida masjidni bunyod etgan me’mor va naqishkorlar nomlari yozilgan hamda qurilish tugallangan vaqt 1908-1909 yillar ko‘rsatilgan.
Hozirda masjidga Mahmudov Zafar Orzuevich imom xatiblik qilib kelmoqda.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 28/07/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 5866
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:20