Xayriya ishlari tizimli olib borilmoqda
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Samarqand viloyati imom xatiblari tomonidan qator xayriya ishlari olib borildi va hozirda ham davom ettirilmoqda. Imom xatiblar bu oy davomida xalqimizga xos fazilatlarga amal qilib, Mehribonlik, Saxovat va Muruvvat uylariga tashrif buyurmoqdalar, kam ta’minlanganlar, bemorlar, muhtoj oilalar holidan xabar olmoqdalar. Ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatilmoqda.
6 iyun kuni Samarqand shahar “Obi Rahmat” jome masjidi imom xatibi Akmal Mamatqulov Bulung‘ur tumaniga tashrif buyurib, tuman imomlari va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda xonadonlarda bo‘ldi. Yurtdoshlarimizni Ramazon oyi bilan tabriklab, hol-ahvol so‘radi, yashash tarzlari bilan tanishdi. Ramazon mehr-muruvvat oyi ekanini amalda isbotlab, ularga ko‘plab ehsonlar ulashdi.
Tashrif asnosida homiylarni jalb qilgan holda hammasi bo‘lib 40ta kam ta’minlangan oilaga 1 qopdan (25 kg) un, 5 litr hajmli idishda yog‘, 2 kgdan shakar va 4 kgdan go‘sht mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, “Imom Buxoriy” jome masjidi tomonidan ham masjid atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 16 ta kam ta’minlangan oilaga 1 qopdan (25 kg) un, 2 kg guruch va 2kgdan go‘sht mahsulotlari ulashildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 07/06/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2433
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 16:35