XALQIMIZ BOR BO‘LSIN
2015 yilning 23 noyabr kuni ertalab soat 04.00 atrofida Samarqand shahri So‘zangaron mahallasida joylashgan “Xo‘ja Nisbatdor” jome’ masjidida yong‘in yuz berdi. Ko‘ngilsiz hodisaning kelib chiqishiga masjid yonidagi savdo do‘koni bilan ayvon tutashgan qismida elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Oqibatda masjidning qo‘shimcha ayvonlariga zarar yetgan. Hodisadan xabar topgan mahalla ahli zudlik bilan o‘t o‘chirish xodimlariga xabar bergan.
O‘t o‘chirish xodimlarining sa’y-harakati va fuqarolarning yaqindan bergan ko‘magi bilan yong‘in tezda bartaraf etilgan. Natijada masjidning asosiy ayvon va xonaqo qismiga talofat yetmagan. Soat 05.00 da yong‘in butunlay bartaraf etilgan. Ehtiyotkorlik jihatidan yong‘in xavfsizligi xodimlari tong yorishgungacha voqea joyida turishgan.
Asosiysi, bu ko‘ngilsiz hodisadan hech kim sarosimaga tushmadi. Yong‘in ro‘y bergan kuni bomdod namozi jamoat bilan o‘qildi. Voqeadan xabar topgan viloyat hokimligi mutasaddilari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi rahbariyati erta tongdan shu yerga yetib keldi. Ular zudlik bilan obodonlashtirish tizimi mutasaddilari bilan bog‘lanib, qo‘shimcha yordam kuchlari va yuk tashuvchi avtoulovlarni hozirladilar.
Samarqand shahar bosh imom xatibi Umid Rustamov peshin namozini jamoat bilan o‘qidi va ibodatdan so‘ng bu holat ko‘ngilsiz hodisa ekani, uni boshqacha talqin qilmaslikni, o‘z nomi bilan ko‘ngilsiz hodisa, “tilsiz yov” ekanligi, bunday paytda hamma bir yoqadan bosh chiqarib, hodisani bartaraf etishga kirishish kerakligini ta’kidladi.
Bir so‘z bilan aytganda, masjidda hozirda namozlar to‘kis ado etilmoqda. Qisman zarar yetgan joyda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bir guruh ustalar, mahalla ahli va masjid jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib, yong‘in asoratlarini bartaraf etyapti. Yaqin kunlarda masjidning oldingi qiyofasi qayta tiklanadi, ko‘rkam holatga keltiriladi.
Masjid qavmidan Qilichov Fazliddin bobo bu ish Allohning irodasi ekani, bandadan talab qilingani - “bunday yomon oqibatdan asragani uchun shukr qilmoqlik lozim”ligini aytib o‘tdi.
Ismatov Shavkat bobo esa yoshu qariga o‘rnak bo‘lib, tozalash-tiklash ishlarida shijoat ko‘rsatmoqda.
Xalqimizda “Do‘st kulfatda bilinar” degan naql bor. Xolis kishilar ushbu holatda qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamadilar. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, ayrim qo‘shtirnoq ichdagi “do‘stlar” ham o‘zlarining “bor”liklarini eslatib qo‘ydilar. Ommaga ko‘maklashish o‘rniga tirnoq orasidan kir qidirib, aybdorlarni axtarishga, yong‘in xavfsizligi xodimlarini loqaydlikda, rahbariyatni esa kerakli choralarni ko‘rmaganlikda ayblashga tushib ketdilar. Aniq ma’lumoti, tasdiqlangan xabari bo‘lmasdan turib qaysidir idoraga ayb qo‘yishga, bu haqda ommaga yoyishga kimning qanday haqqi bor?
Ofat bo‘lgan joyda qo‘liga ish quroli olib, uni bartaraf etishda yelkama-elka turish, ko‘maklashish o‘rniga masjidni suratga olib, internetga zudlik bilan joylashtirish kimga kerak bo‘libdi?
Masjidda – e’tiqod amallari bajariladigan joyda sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisani internetga, ya’ni butun dunyoga bunchalik shoshilinch ravishda jar solishga ularni nima majbur qildi ekan? Bu shunchalik muhim xabar edimi, uni tarqatishga bunchalik shoshilmasa?! Yoki jig‘ildon o‘lgur yurt sha’ni, shavkati, obro‘sidan ham ustunmi?
Parij voqealarini aytmay turaylik, dunyoning qaysi nuqtasida hatto tabiiy ofat ro‘y bersa, Islom diniga olib kelib taqaydiganlar keragidan ortiq topiladi. Har qanday ko‘ngilsiz hodisa ro‘y bersa, butun dunyo ahli (Islom dini vakillaridan tashqari, albatta) avvalo o‘sha voqea atrofida musulmonlar bor yoki yo‘qligini surishtirayotgan bir paytda masjidda kichik yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida jar solish nahotki shu yurtdoshimizni o‘ylantirmagan bo‘lsa?!.
O‘zbekistondagi tinchlik-xotirjamlikka ko‘z tegmasin. Bu bizning eng katta, bebaho boyligimiz. Uni asrab-avaylashimiz, qadriga yetishimiz kerak.
Bugun internetda ajoyib xabar tarqatildi: O‘zbekiston sayyohlar uchun eng xavfsiz mamlakatlar qatorida e’tirof etildi. O‘z navbatida, bu terrorchilik mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga ta’sir ko‘rsatmaydigan eng tinch mamlakatlaridan biri, deb tan olingani hamdir.
Yildan yilga sayyohlar oqimi ko‘payib, iqtisodiy aloqalar o‘rnatish istagida kelayotganlar, bir so‘z bilan aytganda, dunyoning nigohi tushib turgan Samarqanddan ko‘proq yaxshi xabarlar tarqalishini barchamiz xohlaymiz.
...“Xo‘ja Nisbatdor” jome’ masjidi kun sayin obodonlashtirilmoqda. Bag‘rikeng, oqil, imon-e’tiqodli yurtdoshlarimiz bor ekan, bunday ko‘ngilsiz hodisalarni bartaraf etish ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaydi. Aksincha, mahallani, qavmni, imoni butun insonlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirmoqda.
Zayniddin Eshonqulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 26/11/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 3517
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 02:57