O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Viloyatimizda Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

 
 

Samarqandda «Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Eron — Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab umumiy meros, Yevropaga yo‘l» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

YUNYESKO, Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Ozarbayjon va Pokistondan kelgan sharqshunos, san’atshunos va tarixchi olimlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.


Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, YUNYESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat, Yevropa Ittifoqining delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays va boshqalar O‘zbekiston yuritayotgan ichki va tashqi siyosat qo‘shni davlatlar hamda dunyoning turli mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilganini alohida ta’kidladi. Bu aloqalar iqtisodiy soha bilan birga, madaniy-gumanitar, turizm sohalarida izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

Anjumanda xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar mintaqada moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrash, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlar xalqlarining madaniy merosi haqidagi umumiy bilimni oshirish, turizmni barqaror rivojlantirishning yangi imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Anjumanda madaniy obyektlar bilan bog‘liq xalqaro loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, jahon muzeylarida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan raqamli texnologiyalar asosida nusxa ko‘chirish, mumtoz musiqa namunalarini tadqiq etish, o‘rta asrlarda dinlararo munosabatlar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir doirasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li« turizm xalqaro universiteti hamda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


manba: "daryo.uz"



Kiritilgan vaqti: 06/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1485
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/viloyatimizda-buyuk-ipak-yoli-boyicha-xalqaro-konferentsiya-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 08:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing