USTOZNI XOTIRLAB
Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat bergan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir. Insoniyatga qiyomatgacha dasturul amal bo‘lgan Qur'on Karimning ilk oyatlari ham bunga yaqqol dalil bo‘ladi. Muqaddas dinimizda ilmning va ulamolarning o‘rni beqiyosdir. Dunyoning muvozanatda turishligi ham Allohni qalbiga joylagan, taqvodor ulamolarga bog‘liq.
Ali raziyallohu anhu ta'birlari bilan aytsak, u zot shunday degan edilar: “Olim ro‘zadordan ham, namozlarida qoim namozxon va mujohiddan ham afzalroqdir. Darhaqiqat, Allohdan qo‘rqadigan, ilmga xiyonat qilmaydigan ulamolarimiz bor ekan, bizlar taraqqiyot va farovonlik sari odimlab boraveramiz. Allohning xoxish-irodasi ila biz mana shunday ilmli, taqvodor, zukko va g‘ayratli olimlarimizning biridan judo bo‘ldik. Gap kim haqida ketayotganini barchangiz anglab turibsiz deb o‘ylayman. Ha, ustozimiz, ilmda suyanchig‘imiz Mustafoqul domla bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar. U kishining dinimiz rivoji, xalqning ma'naviy hayotiga qo‘shgan hissalari beqiyos edi. Mustafoqul domla bizga ustoz, otadek mehribon, samimiy maslahatgo‘y edilar. U zot 1945 yil 6 iyul'da Samarqand viloyati Samarqand tumanida tavallud topgan. 1964 - yil Buxoro shahar “Mir Arab” o‘rta maxsus islom bilim yurtiga o‘qishga kirib, 1971 yil ushbu bilim yurtini tamomlagan. Shundan so‘ng, 1971 yil Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirgan hamda ushbu oliygohni 1975 yil imtiyozli diplom bilan tugatgan. Oliygohni tugatgach, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, mutavalli, imom-xatib kabi lavozimlarda dinimiz ravnaqi yo‘lida uzoq yillar xizmat qildi. So‘ngi yillarda viloyat bosh imom-xatibi maslahatchisi hamda Samarqand shahar “Xo‘ja Zudmurod” jome masjidi imom-xatibi lavozimlarida faoliyat olib borayotgan edilar.
Dinimiz Islom - insoniylik dinidir, odob‑axloq dinidir, yaxshilik va ezgulik dinidir. Islomga ko‘ra, inson o‘lishi bilan unut bo‘lmaydi va shu bois, uning tiriklar zimmasida haqlari, tiriklarning o‘tmishdoshlari oldida burchlari bo‘ladi. Shuning uchun ham Islomda o‘tganlarni xotirlash, ularning haqlariga duo qilish targ‘ib etilgan. Qur'oni Karim musulmon ummatini o‘z o‘tmishdoshlarini xotirlab, haqlariga mag‘firat so‘rab duoda bo‘ladigan ummat, deya ta'riflagan. Alloh taolo Hashr surasida shunday deydi: “Ulardan keyin kelganlar: “Robbimiz! Bizlarni ham, bizdan oldin iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni ham mag‘firat qilgin va bizning qalbimizda iymon keltirganlarga nisbatan g‘illi‑g‘ash qo‘ymagin. Robbimiz! Albatta, Sen o‘ta shafqatli va rahmlisan” (Hashr surasi, 10‑oyat). Ustozimiz haqlariga shogird va muxlislari hamda diniy soha xodimlari tomonidan Islom dini uchun qilgan barcha xizmatlari hamda qilgan amallaridan hosil bo‘lgan ajru-savoblardan u kishining oxiratdagi martabalari baland bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab, Xatmi Qur'onlar ado etildi.
Ulamolar Payg‘ambarlar alayhimussalomning merosxo‘rlari hisoblanishadi. Bu haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar. Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir, payg‘ambarlar esa dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilmnigina meros qilib qoldirganlar. Kimda-kim uni olgan bo‘lsa, mo‘l ulushni olibdi”- deb marhamat qildilar. Ha, ustozimiz Mustafoqul domla biz mo‘min-musulmonlarga tuganmas meros qoldirgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi menimcha. Jumladan, u kishi Samarqand tumanida joylashgan “Xo‘ja Ahrori Vali” islom bilim yurtining ochilishida hamda o‘z faoliyatini samarali davom ettirishida tashabbuskorlardan biri bo‘lib, ushbu dargohda rahbarlik va ustozlik lavozimlarida faoliyat olib bordilar. Shu yillar mobaynida talabalar hamda juda ko‘p mo‘min-musulmonlarga ilm o‘rgatib, din rivoji, islom taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan shogirdlarni yetishtirib chiqardi. U zot hozirgi davr talabini yaxshi idrok qilgan holda faol, kasbiga vijdonan yondashadigan inson edilar. Shuningdek, e'tiqodi mustahkam, siyosiy-ma'naviy saviyasi istiqlol davri talablariga to‘la javob bera oladigan, o‘zining mehnatsevarligi, to‘g‘riso‘zligi, hozirjavobligi, bilimdonligi, atrofdagilarga mehribonligi va doimo yordamga tayyorligi bilan jamoamizda, shahar jamoatchiligi hamda masjid jamoati orasida katta obro‘-e'tibor qozongan zot edilar. Ustozning saksonga yaqin ilmiy-ommabop maqolalari matbuotda chop etilgan. Vatan oldidagi xizmatlari Respublika va viloyat miqyosida munosib qadrlanib, u kishi bir qancha unvon hamda mukofotlar bilan taqdirlangan.
Ustozimiz hayotlarida ko‘p mashaqqatlar, sinovlarni boshlaridan o‘tkazdilar. Biroq, Parvardigorimiz ato etgan yuksak iroda bilan, sabr bilan butun umrlari davomida islomga, millat ma'naviyatining o‘sishiga, ma'rifatga, kitobxonlik va mutolaaga, ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga xizmat qilishdan charchamadilar. Alloh taolo ustozimizning dinimiz rivoji yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, qilib o‘tgan barcha ezgu amallari ajrini oxiratda O‘ziga ma'lum adadlarda ko‘paytirib bersin, jannatlari ila mukofotlasin. Ustozimizning qoldirgan ilmiy meroslari, mav'izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Ustozimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Biz Samarqand ilm ahllari va shogirdlari u kishining haqlariga doimo duoi-istig‘forlarda bo‘lamiz hamda u kishining xayrli ishlarini davom ettiramiz insha Alloh. Oxiratingiz obod bo‘lsin Ustoz!
Zayniddin Eshonqulov O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 03/09/2020 13:37; Ko‘rilganligi: 1534
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:42