O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ustozga ehtirom olamga ehtirom

 
 

Ustoz – muallimsiz  qolganda  zamon,

Nodonlikdan   qaro  bo‘lardi  zamon.

Abdurahmon  JOMIY

Muallimlik – buyuk maqom. Chunki payg‘ambarlar muallim bo‘lganlar. “Muallim” so‘zining ma'nosi ilm beruvchi, ta'lim beruvchi, o‘rgatuvchi demakdir. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni o‘rgatganlar. Ana shuning o‘ziyoq ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanini ko‘rsatadi. 

Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma'rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Balki unga farzandiga ko‘rsatmagan tavajjuh bilan yuzlanadi. Uning yupun va sovuq bo‘lgan ma'naviy olamini o‘zining qalb ko‘zi bilan isitadi. Zimiston dunyosini ilm quyoshining mo‘jizakor ziyosi bilan munavvar etadi. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyoyu oxiratda ulug‘lik, manfaat va najot keltiradigan yo‘lga yo‘llab qo‘yadi. Bunga qo‘shimcha ravishda shogirdining salohiyati uchun tunu kun duoda bo‘ladi. Natijada uning qo‘liga nihol bo‘lib kelgan o‘quvchi va talaba sovuq urmasdan, zulmatlarda abgor bo‘lmasdan unib-o‘sadi va vaqti kelib bu nihol hayot bo‘stonidagi serbarg va muhtasham daraxtga aylanadi. Keyin u ham o‘z navbatida ma'naviyat bog‘iga o‘zining har xil mevalarini taqdim qiladi. 

Ustozlar ma'naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar.

Shu o‘rinda shuni aytishimiz joizki, bugun Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov Samarqand viloyatida ko‘p yillardan beri diniy sohada faoliyat yuritib kelayotgan ustoz domlalarga kirib kelayotgan 1 oktyabr "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi. 

Binobarin, ustozu muallimlarni risoladagidek hurmatlamay, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslarni kutish mumkin emas.

Ustozlarni qadrlash haqida so‘z borganda beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiyning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

 Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Jamiyat oldida katta mas'uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin aziz ustozlar!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 29/09/2021 17:49;   Ko‘rilganligi: 1093
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/ustozga-ehtirom-olamga-ehtirom
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing