O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

TEMUR TUZUKLARI veb sayti

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarligida Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish Markazi UZINFOCOM tomonidan buyuk sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarining veb-sayt ko‘rinishi tashkil etildi.

“...Bizning tariximizda Amir Temurdek ulug‘ siymo bor ekan, uning qoldirgan merosi, pandu o‘gitlari bugungi hayotimizga hamohang ekan, oldimizda turgan bugungi muoammolarni yechishda bizga qo‘l kelayotgan ekan, bizning bu merosni o‘rganmasdan, ta’riflamasdan, targ‘ibot qilmasdan haqqimiz yo‘q” deb aytgan mamlakatimiz birinchi Prezidenti Islom Karimovning so‘zlari veb-saytning bosh sahifasiga joylashtirilgan.

Veb-sahifa Temur tuzuklari, solnoma, ehtirom hamda qiziqarli ma’lumotlar kabi bo‘limlardan tashkil topgan. Shuningdek, veb-saytda Temur tuzuklari asarining elektron kitob shakli ham joylashtirilgan bo‘lib, har bir o‘quvchi uni yuklab olish imkoniga ega.

Temur tuzuklari asarining “Dinu shariat tuzuki” bo‘limidan bir parcha:

O‘z tajribamda ko‘rib bildimki, davlat agar dinu tartib asosida qurilmas, to‘ra-tuzukka (bu yerda to‘ra – tartib, qoida yoki qonun ma’nosida) bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalang‘och odamga o‘xshaydirkim, ko‘rgan har kimsa (undan) nigohini olib qochadi. Yoxud har xil qalang‘i-qasang‘i odamlar tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi.

Shuning uchun ham men saltanatim binosini Islom dini, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim. Saltanatni boshqarishimda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra va tuzuk asosida ado etdim. Dilimning mashriqidan ko‘tarilgan birinchi tuzuk shundan iborat bo‘ldiki, Islom dinini yoyib, Muhammad, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, shariatini quvvatladim. Jahonning turli mamlakatlari, katta-kichik shaharlarida Islom dinini va odamlarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad payg‘ambar alayhissalom)ning to‘g‘ri yo‘llarini targ‘ib etdim. O‘z saltanatimni shariat bilan bezadim.

Ushbu veb-sayt bilan quyidagi manzilda batafsil tanishingiz mumkin: www.temurtuzuklari.uz

"WWW.MUSLIM.UZ" dan


Kiritilgan vaqti: 12/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2818
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/temur-tuzuklari-veb-sayti
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing