O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Sohibqiron tavallud topgan kun

 
 

Amir Temur maqbarasi Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etilgan. Maqbara qurilishi buyuk Soxibqiron Amir Temur tomonidan 1404 yilda boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan.

Maqbara Samarqandning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Amir Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan.

Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyoga bo‘lgan xarbiy yurish vaqtida to‘satdan kasallikdan vafot etgan. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. So‘ng Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin dahma ustiga sakkizyoqli bino quriladi.

Amir Temur vafotidan keyin Shohruh Mirzo Hirotni poytaxt qilib, o‘g‘li Mirzo Ulug‘bekni esa Samarqandga hokim etib tayinlaydi.

Mirzo Ulug‘bek buyuk bobosiga hurmat yuzasidan ushbu sakkiz qirralik maqbarani temuriylar avlodi dafn qilinadigan maqbaraga aylantiradi.

Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mirsayid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko‘chiriladi va Sohibqironning bosh tomoniga dafn etiladi. Ba’zi rivoyatlarga qaraganda, Amir Temur pirining oyoq tomoniga dafn qilinishini vasiyat qilgan. Maqbaraga Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, Shayx Sayyid Umar, Mirzo Ulug‘bek va Ulug‘bekning go‘dakligida vafot etgan ikki farzandi – Abdulla va Abdurahmonlar ham dafn qilingan.

Mustaqillik yillarida ma’naviy tiklanish va yangilanish jarayonida Amir Temur bobomizning nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy siymosi ham tiklandi. 1996 yil mamlakatimizda Amir Temur yili deb e’lon qilindi.

Amir Temur tavallud topgan kunni xalqimiz ulug‘ ajdodimiz xotirasiga ehtirom sifatida har yili keng bayram qilib keladi.

Shu munosabat bilan bugun 9 aprel kuni O‘MI Samarqand viloyat vakili Z.Eshonqulov, davlat va jamaot tashkilotlari rahbarlari birgalikda erta tongdan Amir Temur maqbarasida jam bo‘lib, ulug‘ bobokalonimiz haqqiga qur’on tilovat o‘qilib, qurbonlik qilindi.

Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

Saidusmonxon Zikiryayev

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi


Kiritilgan vaqti: 09/04/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 868
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/sohibqiron-tavallud-topgan-kun
Chop etilgan vaqti: 14/06/2021 11:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing