SHHT A’ZOLARI MINORDA
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi 15 yillik yubiley majlisida qatnashish uchun Respublikamizga kelgan xorijiy mehmonlar poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurmoqdalar. 23 iyun kuni “Minor” jome masjidida bir qator turli mamlakat vakillari kutib olindi. Jumladan, ASEAN xalqaro tashkiloti bosh kotibi Le Liong Min, “Chayna Minmetalz korporeyshn” rahbari Li Liang, Hindiston va Xitoy bojxona qo‘mitasi mutaxassislari hamda axborot agentliklari vakillari tashrif buyurishdi.
Martabali mehmonlarga “Minor” jome masjidining Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgani, unda Xitoy, Ukraina va Belgiya kabi davlatlarning eng sara, baquvvat qurilish xom-ashyolari ishlatilgani, zamonaviy texnologiya va barcha isitish-sovutish tizimlari bilan ta’minlangani, 5000 nafar namozxon emin-erkin ibodat qilishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgani haqida batafsil so‘zlab berildi.
Mehmonlar mohir o‘zbek ustalarning qo‘l mehnatlari va hunarmandlarning san’at darajasiga yetkazib yaratgan naqsh bezaklari, xattotlarning tilla suvi bilan yuritgan oyati-karimalariga tasannolar aytdilar. Mehmondo‘st mezbon o‘zbeklarga iliq taassurot va olingan ma’lumotlar uchun tashakkur izhor etdilar. Tashrif samimiy va iliq tarzda o‘tdi.
Manba: muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 24/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3588
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:45