O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Shavkat Mirziyoev: Islom sivilizatsiyasi markazi asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi

 
 

Prezident Shavkat Mirziyoev 20 noyabr kuni O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga yana bir bor tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari asos solgan ushbu muassasa xalqimizning boy o‘tmishini, ilm-ma'rifat rivojiga qo‘shgan katta hissasini namoyon etadigan yaxlit majmua bo‘ladi.

- Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy o‘tmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma'naviyat olib ketishi zarur, - degan edi Shavkat Mirziyoev bu yerga avvalgi tashriflaridan birida.

Markaz qurilishi va faoliyati yo‘lga qo‘yilishida ana shu maqsad asosiy mezon etib belgilandi. Qariyb ikki gektar maydonda uch qavatli ko‘rkam imorat qad ko‘tardi. Binoning simmetrik markazida bejirim sharqona gumbaz, to‘rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurildi.

Mazmunan olganda esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqildi.

Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.

Ikkinchi qavatdagi ulkan foye markaziga Usmon Qur'oni joylashtiriladi. Shuningdek, bu yerda Islom san'ati muzeyi, 435 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etiladi.Uchinchi qavatdan esa 100 minggacha qo‘lyozmalar fondiga ega kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va ma'muriy xonalar o‘rin oladi.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza bo‘ladi. Bu yerda mahalliy va xorijlik mutaxassislar ilmiy tadqiqotlar olib boradi, ularning natijalari asosida qomuslar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlanadi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchi va talabalari ushbu maskanga kelib, bilimini mustahkamlaydi.

- Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi. Shuning uchun markazning bezagi, ma'no-mazmuni islomiy va ilmiy jihatdan asoslangan, chuqur o‘ylangan bo‘lishi kerak. Odamlar ham o‘qib, ilm oladigan, ham yurakdan his qiladigan muhit yaratish zarur, - dedi davlatimiz rahbari.Butun dunyodan diniy ulamolar, islomshunos va tarixchi olimlar ishtirokida xalqaro anjuman tashkil etib, fikrlarini o‘rganish, takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba:  http://uza.uz


Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 10:02;   Ko‘rilganligi: 1045
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/shavkat-mirziyoev-islom-tsivilizatsiyasi-markazi-asrlar-davomida-xalqimizga-xizmat-qiladi
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing