O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAMARQANDDA YIL IMOMI ANIQLANDI (hamda kitob taqdimoti, Ramazon oyi oldidan yig‘ilish tadbirlari)

 
 

2016 yilning 2 iyun kuni Samarqand shahridagi muhtasham san’at saroyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tasarrufidagi masjid imom xatiblari va noib imomlari o‘rtasida “Yil imomi - 2016” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning dastlabki tuman bosqichida g‘oliblikni egallagan 16 nafar imom xatib va noib imomlar bellashdilar.

Ko‘tarinki ruh va yuqori saviyada o‘tgan “Yil imomi - 2016” ko‘rik tanloviga viloyat miqyosidagi hakamlar, viloyat bosh imom xatibi Nuriddin Islamov, viloyat bosh imom xatibining o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov, Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori, Shovosil Ziyodov, Imom Buxoriy xalqaro markazi malaka oshirish bo‘limi mudiri Tohir Evadullayev, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha rektor o‘rinbosari Abdushukur Hamzayevlar hay’at sifatida ishtirok etib, baholab bordilar.

Tanlov ishtirokchilarining viloyat bosqisiga kuchli tayyorgarlik ko‘rganligi g‘oliblarni aniqlashni ancha qiyinlashtirib qo‘ydi. Shunday bo‘lsada tajribali hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra birinchi o‘ringa Jomboy tumani “Ibrohim ota” jome masjidi imom xatibi Axmedov Anvar, ikkinchi o‘ringa Payariq tumani “Mulla Tohir” jome masjidi imom noibi Azimov Qamariddin, uchinchi o‘ringa esa Urgut tumani “Bog‘ishamol” jome masjidi imom noibi Latipov Mahmud loyiq topildi. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar va vakillikning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

Ko‘rik-tanlov nihoyasiga yetgach, bevosita tadbirning ikkinchi qismi: yilning eng yaxshi kitobi deya e’tirof etilgan “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli kitob taqdimotiga o‘tildi. Taqdimot davomida mutaxassislar Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrullo Turmatov, “Movarounnahr” nashriyoti xodimi Ilhom Ma’rupovlar kitob mohiyati va uning bugungi kundagi ahamiyati borasida batafsil so‘zlab berishdi. Shuningdek, yig‘ilganlarga, mavzuga oid videofilm ham namoyish etildi.

Tadbirning uchinchi qismi muborak Ramazon oyi oldidan va oy davomida hamda hayit kunida amalga oshiriladigan ishlar muhokamasiga qaratildi. Viloyat bosh imom xatibi N.Islamov zalda yig‘ilgan shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, masjid imomlari hamda noiblariga mavzuga oid ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tdi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 02/06/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4451
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqandda-yil-imomi-aniqlandi-hamda-kitob-taqdimoti-ramazon-oyi-oldidan-yigilish-tadbirlari-
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 15:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing