Samarqandda Xatmi Qur'onni yakunlagan qorilar bilan tadbir o‘tkazildi
Ramazon fayzu futuhga boy oydir. Uning fazilatlaridan biri - bu uning Qur'on oyi ekanligi. Unda shu ummatning ikki dunyosini go‘zal qilishga xizmat qiluvchi ta'lim bor. Qur'on misoli nurdir. Qur'onni o‘qish, tinglash, yaxshi ko‘rish bularning hammasi ibodat hisoblanib ortidan bitmas-tuganmas savoblar keltiradi.
Ayyub ibn Musodan rivoyat qilindi: «Muhammad ibn Ka'b Quraziydan eshitdim, u shunday dedi: «Men Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana bor. Hasana esa o‘n baravardir. Men «alif, lam, mim» bitta harf demayman. Balki, «alif» bir harf, «lam» bir harf, «mim» bir harf!» dedilar», deyayotganini eshitganman». Termiziy rivoyat qilgan.
Bugun, 8 may Samarqand viloyatidagi 54 ta masjidda Qur'on xatmi yakunlanadi. Shu munosabat bilan boshqa viloyatlardan kelgan qorilar viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovning tashabbusi bilan Samarqand shahridagi “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidiga taklif qilindi. Shahar va tuman bosh imom-xatiblari, masjid imomlari, ustozlar ishtirok etgan tadbirda Zayniddan domla so‘z olib, boshqa viloyatlardan kelib, Samarqand ahliga Qur'oni karimni xatm qilib berayotgan qorilarga barcha viloyat mo‘min-musulmonlari nomidan minnatdorlik izhor qildi. Shundan so‘ng saxiy insonlarning molu davlatlaridan ajratgan zakotlari, homiylarning hadyalaridan iborat sovg‘alar qorilarga ulashildi. Albatta, qorilar zakot va ehsonlarga eng sazovar kishilar ekanligiga shubha yo‘q. Zero, ular o‘zga vohadan kelgan musofirlardir, Alloh yo‘lida yurgan kishilardir va mollari nisobga yetmagan haqdorlardir.
Tadbir davomida Qur'oni karim qorilariga ko‘rsatilgan bu xayriyalar arzimas ekanligi, aslida chin mukofotni Alloh taoloning O‘zi o‘z uzurida hozirlagani aytilib, Allohning roziligi uchun zakotlarini ajratgan, xayru ehson qilgan, masjidlarda Xatmi Qur'on o‘qib berayotgan qorilar, imom domlalar haqlariga duoi xayrlar qilindi. Alloh taolo barchalarimizga bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini xayrli va barakotli qilsin! Omin!
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 08/05/2021 16:31; Ko‘rilganligi: 1434
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:13