O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

"Samarqand yodgorliklari" kitobi taqdimoti

 
 

5 dekabr kuni Samarqand shahrida tuman (shahar) bosh imom xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish mobaynida ko‘hna Samarqandning boy tarixi, qator ma’rifat sarchashmalari haqida bitilgan “Samarqand yodgorliklari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zida ko‘plab durdona ma’lumotlarni to‘plagan ushbu kitob Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qulmatov va va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti direktori Amriddin Berdimurodov hammuallifligida chop etilgan.

Viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov kitob bilan yig‘ilganlarni tanishtirar ekan, unda Samarqanddagi yuzga yaqin tarixiy ahamiyatga ega yodgorliklar haqida nodir ma’lumotlar to‘planganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, kitobda me’morchilik yodgorliklari, ziyoratgohlar, Samarqand muzeylari va arxeologik yodgorliklar haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

Ma’lumotlarni keltirishda ham alohida tartibga rioya etilgan bo‘lib, dastlab Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi kabi ellikka yaqin me’morchilik yodgorliklari xususida so‘z yuritiladi.

So‘ng esa viloyatning turli hududlarida joylashgan ziyoratgohlar, undan keyin muzeylar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilgan.

Oxirgi qismda Afrosiyob shaharchasi, Chokardiza, Quldortepa singari arxeologik yodgorliklar yoritilgan.

Ta’kidlash lozimki, asar viloyatimizning boy tarixiy merosini o‘rganishdagi muhim manbalardan biridir. Xususan, ziyorat turizmining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xorijiy tillarga chop etiladigan bo‘lsa, sayyohlarga viloyatimizni yanada ko‘proq tanitadigan, ularning qadamini chekka hudulargacha yetkazadigan nodir qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 05/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2575
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqand-yodgorliklari-kitobi-taqdimoti
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing