O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Samarqand viloyat bosh imom-xatibining O‘zbekiston yoshlariga tabrigi

 
 

Aziz yoshlar, bizning kelajagimiz! Siz, barchangiz dinimiz tomonidan maqtalgan avlodsiz. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam juda ko‘p chiqishlarida “Ey yoshlar jamoasi!” deb siz kabi yoshlarga murojaat qilganlar va juda katta ishonch bildirganlar. Mana, yurtimiz hayotida sizlar uchun ham alohida bayram kuni belgilangan. Bu - shu Yurt rahbari tomonidan sizlarga nisbatan katta ishonch va e'tibordir. Barchangizni hayotimizdagi qutlug‘ bayram – Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur mehrim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tishim kerakki, jonajon Vatanimizning  ravnaqi yo‘lida, uning gullab yashnashida, bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning o‘rni va ta'siri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi. 

Ayniqsa, Yurtimiz aholisi ko‘p millatli fuqarolardan tashkil topishi bilan birga, ularning hamjihatligi, tinch-totuv hayot kechirishligi siz aziz yoshlarning o‘rtalaringizdagi inoqlik bilan Vatan muhabbati shiori ostida barcha soha va tarmoqlarda, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqdasiz. Siyosiy saviyasi yetuk, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yuzlab yigit-qizlar parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining a'zosi sifatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Hayot sinovli kunlardan iborat.  Bu yilimiz sinovli kunlar bilan boshlandi. Alhamdulillah, xalqimizning metin irodasi, bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibatlari bu sinovli kunlarni yengib o‘tishimizda qo‘l kelmoqda. Koronavirus pandemiyasi hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan ofatlar butun el-yurtimiz qatori yoshlarimiz irodasini ham sinovdan o‘tkazdi. Ana shunday og‘ir vaziyatlarda ming-minglab o‘g‘il-qizlarimiz chinakam mardlik va jasorat ko‘rsatib, barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldilar.

O‘z navbatida, sizlarning bunday ezgu ishlaringiz yurtimizning qaysi go‘shasida bo‘lmasin amalga oshirilgani sizlarning vatanparvarlik va olijanoblik fazilatlaringizdan dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, barcha O‘zbekiston yoshlariga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman va yana bir bor “Yoshlar kuni” bilan samimiy muborakbod etaman.

Shuni bilinki, sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan Vatanimiz, el-yurtimiz hamisha faxrlanadi!

 Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 30/06/2020 11:24;   Ko‘rilganligi: 899
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqand-viloyat-bosh-imom-xatibining-ozbekiston-yoshlariga-tabrigi
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing