O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” masjidi binosiga ilk g‘isht qo‘yildi

 
 

Masjid barpo etish yoki yoki uning qurilishiga hissa qo‘shish ulkan savobligi dinimiz ahkomlarida alohida ta'kidlangan. Alloh taolo masjidlarni O‘ziga eng mahbub makonlar qilgan. Masjidlarni obod qiluvchilarning iymoni borligiga guvohlik berib shunday dedi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).

Allohga suyukli makonlarni obod qilishni, jannatda o‘zlari uchun qasr bino etilishini niyat qilgan saxovtpesha insonlar ko‘magi bilan Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidida yangi masjid binosining qurilishi boshlangani va uning asos qismida ishlar olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. Masjid qurilishida endi navbat g‘isht terishga yetib keldi. Masjid binosining birinchi g‘ishtini yaxshi tilak, xayrli duolar va Allohning ismi ila ustoz Mahmudjon domla Ibodullayev qo‘yib berdilar. Marosimda masjid imom-xatibi Z.Mahmudov, masjid xodimlari, mo‘ysafid otaxonlar ishtirok etdilar. Shuningdek, ushbu xayrli ishga yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht quydilar. Shundan so‘ng qo‘llar duoga ochilib, Alloh taolodan ushbu masjidni qurilishi tez kunlarda yakuniga yetishini, uzoq yillar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishi, bu savobli ishga hissa qo‘shganlarga ko‘plab ajru savoblar ato etilishini so‘rab hamda xizmat qilayotgan ustolar, mutaxassislar va ushbu ishga bosh-qosh bo‘lib turganlarning haqlariga duolar qilindi.  

“Olti yarim ming kishiga mo‘ljallangan masjidimizda bugun qizg‘in ish jarayoni ketmoqda. Xalqimizning yordami bilan qurilishni boshladik. Hozirgacha jarayon davom etmoqda. Har kim imkoniyati boricha ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Hali ko‘p ishlar qilinishi kerak”, deydi imom-xatib. 

Darhaqiqat, g‘isht terish ishlari endi boshlandi. Shu kunga qadar 100 o‘rinli tahoratxona qurilib, so‘ngi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Ishlar o‘z yakuniga yetishi uchun ko‘p mablag‘ talab etiladi.  Saxovatpesha, savobtalab xalqimizdan xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Kim Alloh yo‘lida masjid uchun bitta g‘isht qo‘ysa, Alloh u uchun jannatda bitta qasr barpo qiladi”, deganlar.

Aziz yurtdoshlar! Bugun qilgan har bir savob amalimiz oxiratimizga zamindir. Savobli amalga shoshiling!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati

 


Kiritilgan vaqti: 19/03/2020 14:20;   Ko‘rilganligi: 1476
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqand-shahar-xoja-abdu-darun-masjidi-binosiga-ilk-gisht-qoyildi
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing