O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Sahihul Buxoriy”ning darsi boshlandi

 
 

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutining 3 va 4-bosqich talabalari bu yilgi o‘quv rejaga binoan Imom Buxoriy rahimahullohning “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamini to‘liq o‘qib chiqishi rejalashtirilgan.

Talabalar ushbu muborak amalni Imom Buxoriy hazratlarining ravzalari yonida boshlashni niyat qilgan edilar. Bugun, 15 sentyabr kuni oliy ma'hadning 3 va 4-bosqich talabalaridan ellik nafari hamda o‘n nafar ustozlar Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdilar. Tashrif dastlab Imom Buxoriy hazratlarining qabrlarini ziyorat qilishdan boshlandi. Muhaddislar sultonining muborak ravzalarini ziyorat qilishni niyat qilgan talabalar bu kunga qadar yetti marta Qur'oni karimning to‘liq tilovatini qilib, Xatmu kabir ado etgan ekanlar. Shu joyda ushbu xatmlarning savobi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning haqlariga bag‘ishlanib, duolar qilindi. Shundan so‘ng yangi tashkil qilingan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Imom Buxoriy hadis maktabi bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi. Ikki maskan ziyoratidan so‘ng talabalar Imom Buxoriy majmuasidagi masjid binosida yig‘ilib, ustozlarning duolaridan so‘ng “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamining “Vahiyning boshlanishi” kitobidan “Amallar faqat niyatga ko‘radir...” deb boshlanadigan birinchi hadisni mutolaa qildilar. Ushbu asarning birinchi saboqi shu tariqa boshlanishi zamonamizning yetuk ulamolaridan bizga odat bo‘lib kelmoqda. Jumladan, marhum ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham “Oltin silsila” turkumidagi hadislar to‘plamining tarjimasiga kirishishni aynan Imom Buxoriyning qabrlarini ziyorat qilib, u kishining jivorlarida “Sahihul Buxoriy” kitobining birinchi va oxirgi hadislarini mutolaa qilishdan boshlagan edilar. Shuningdek, zamonimizning  mashhur muhaddislaridan Shayx Muhammad Avvoma, Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohlar ham Imom Buxoriyning marqadlarini ziyorat qilish asnosida shunday qilgan edilar.

Ustoz va talabalarning ziyorat va ilk dars jarayonida ularga Samarqand viloyat bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov va Imom Buxoriy hadis maktabi rektori Olimxon Yusupov hamrohlik qildilar.

Ilohim, ilmi toliblarimizga Alloh manfaatli ilm, quvvatli hifz va Imom Buxoriy rahmatullohi alayning yo‘llarini bersin. Amin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 15/09/2019 15:47;   Ko‘rilganligi: 1173
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/sahihul-buxoriyning-darsi-boshlandi
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 12:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing