O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Rossiya musulmonlari diniy uyushmasi raisi, Moskva muftiysi Albir hazrat Krganov juma namozini “Eshon Temirxon to‘ra” jome massjidida ado etdi.

 
 

Bugun, 17 sentyabr Juma kuni viloyatimizga Rossiya musulmonlari diniy uyushmasi raisi, Moskva muftiysi Albir hazrat Krganov ziyorat safari bilan tashrif buyurdi. Avvalo mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov kutib oldi. Tashrif Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi.

Ziyorat safari davomida mehmonlar viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov hamrohligida Ishtixon tumanida joylashgan Shayx Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov rahimahullohning qabrlarini ziyorat qildilar hamda Juma namozini “Eshon Temirxon to‘ra” jome massjidida jamoat bilan ado etdilar.

Juma namozidan so‘ng, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Albir Krganovni jamoatga tanishtirib, so‘z navbatini Albir hazratlariga berdi. Albir hazrat Krganov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi diniy-ma'rifiy hamkorliklar, marhum shayx Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlarining qilgan mehnatlari va hamkorlikda olib borgan ishlariyu yutuqlari haqida gapirdi. Shuningdek, “O‘zbekiston kundan-kunga yanada chiroy ochib, betakror zaminga aylanmoqda. Qolaversa, Islom diniga qaratilgan e'tibor, yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, dilingiz zavqu shavqqa to‘ladi. Albatta bularning barchasining shukronasini qilishimiz lozim” – deydi Rossiya muftiysi Albir Krganov.

Juma namozidan so‘ng, mazkur masjidda ehson dasturxoni yozildi va tadbirdan so‘ng hayotini din xizmatiga baxshida etgan Shayx Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlarining haqlariga Qur'on tilovati qilinib, Alloh taolodan u zotning ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lishini so‘rab, xayrli duolar qilindi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 17/09/2021 22:01;   Ko‘rilganligi: 582
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/rossiya-musulmonlari-diniy-uyushmasi-raisi-moskva-muftiysi-albir-hazrat-krganov-juma-namozini-eshon-temirxon-tora-jome-massjidida-ado-etdi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 16:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing