Ramazon oyi oldidan seminar o‘tkazildi
2018 yil 15 may kuni Urgut tumani “O‘ramas” jome masjidida masjidlarni Ramazon oyiga tayyorlash, bu oyda turli xayrli ishlarni qilishga aholini targ‘ib etish, obodonlashtirish ishlarini tashkil etishga oid seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov, tuman hokimiyati vakillari, imom xatiblar, mahalla raislari, tuman obodonlashtirish boshqarmasi mutasaddilari, IIB xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi 120-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddilar tomonidan yig‘ilganlarga kerakli tushuncha va ko‘rsatmalar berildi. Bu borada O‘ramas jome masjidi imom xatibi tajribasi bilan o‘rtoqlashildi. Imom xatibning masjid hujjatlarini yuritish ishlari boshqa imom xatiblarga namuna sifatida taqdim etildi.
Aynan ushbu imom xatib tashabbusi bilan obodonlashtirilgan “O‘ramas” qishloq qabristoni ham seminar ishtirokchilari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Qabristonda so‘ngi kunlarda mahalla ahli ko‘magida talay ishlar amalga oshirilgan. Darvozasi yangi o‘rnatilgan bo‘lib, ayvon va tobutxonalar qurib bitkazilgan. Manzarali daraxtlar, gullar ekilgan qabriston haqiqatan ham ibrat qilib ko‘rsatishga munosib holda.
Yig‘ilganlarga “O‘ramas” jome masjidi va qabristonida amalga oshirilgan ishlardan ibrat olish va joylarda shuningdek ishlarni yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 15/05/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1865
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 02:05