QURBONLIK O‘Z SOHIBINI DO‘ZAXDAN HIMOYA QILADI
Alloh taolo shunday deb marhamat qildi:
“Bas, Robbing uchun namoz o‘qi va qurbonlik so‘y” (Kavsar surasi 2-oyat).
Qurbonlik qilishdan maqsad banda Allohning amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir.
Banda Allohni qancha ulug‘lasa, shuncha oz. Birgina hidoyatga boshlab qo‘ygani uchun qancha takbir aytsa, oz. Qurbonlik qilish ham, Allohning yo‘lida har qanday qurbonlik berishga tayyor ekanini ko‘rsatish ham, o‘sha hidoyat uchun Alloh taoloni ulug‘lashdir.
Alloh taolo tuya, qo‘y, echkilarni so‘yishni dinning shiorlaridan qildi. Bu amallarni bajarishda Alloh taoloning azamati va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.Undan tashqari bu jonivorlarni so‘yishda biz uchun boshqa foydalar ham bor. Masalan: dunyoviy foyda-eyish, ichish bo‘lsa, uxroviy foyda esa savobdir. Qurbonlikdagi ixlos, xossatan Alloh taolo uchun va undan savob olish maqsadida qilishdir.
Husayn ibn Alidan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Qaysi bir kishi qurbonlik qilayotganidan dili xursand bo‘lsa va shu qurbonligidan savobni niyat qilsa, ushbu qurbonligi unga do‘zaxdan parda bo‘ladi”, dedilar. (Tabaroniy Kabir)
Asrlar davomida xalqimiz va butun musulmon dunyosining ma'naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug‘ bayram kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali, hamkor tashkilotlar va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblar tomonidan ham shu kunlarda mehr-muruvvat tadbirlari viloyatimiz bo‘ylab juda keng miqyosida o‘tkazildi.
Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 2019 yil Qurbon hayiti munosabati bilan 8 bosh qoramol va 4 bosh qo‘y qurbonlik qilinib, 616 ta xonadonga 1980 kg go‘sht tarqatildi.
“Ushbu go‘shtlar shahar va tuman bosh imom xatiblari hamkorligida joylarda istiqomat qilayotgan 526 nafar kam ta'minlangan oilalarga, Imom Buxoriy hadis maktabi hamda tadqiqot markaziga, Viloyat nogironlar jamiyati a'zolari, “Mard O‘g‘lon” Davlat mukofoti sovrindorining nikoh to‘yi uchun yetkazildi”, dedi fond rahbarining o‘rinbosari A.Sultonov.
Albatta, bu kabi saxovat tadbirida ishtirok etgan har bir yurtdoshimiz, viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imom-xatiblar va “Vaqf” fondi xodimlarining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksa yurtdoshlarimiz hollaridan xabar olib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarishi “Vaqf” fondining tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloh taolo xayru saxovat ko‘rsatgan barcha yurtdoshlarimizning ehsonlarini O‘zi dargohida qabul aylasin.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 14/08/2019 17:34; Ko‘rilganligi: 1141
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:25