QURBON HAYITINI NISHONLASH HAQIDA
Alhamdulillah. Vassolatu vassalamu ala rasulillah.
Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar. Barchalaringizni Qurbon hayiti bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Alloh tabaroka va taolo jonajon yurtimizni obodligini, farovonligini va tinchligini ziyoda qilsin.
Hammamizga ma'lumki, hozirgi kunda yurtimiz aholisi pandemiya tufayli sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Bu kasallikni kundan kunga rivojlanib, ko‘payib borayotganligini har birimiz ko‘rib bilib turibmiz. Bu holat albatta barchamizni tashvishga solmoqda. Musulmon davlatlarida pandemiya tufayli jamoat bo‘lib ibodat qilish imkoniyati yo‘qligi sababli kelayotgan Qurbon hayiti namozi bu yil o‘qilmaydi. Jumladan bizning yurtimizdagi masjidlarda ham Qurbon hayiti namozi jamoat bo‘lib o‘qilmaydi. Shunday bo‘lsada Qurbon hayiti bayramini bayram kayfiyatida kutib olish lozim bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda oyat, hadis va ko‘rsatmalarga qat'iy amal qilish lozimdir. Shariatimizda zararni daf qilish uchun bir qancha yengilliklar berilgan. Ya'ni, shu kunlarda kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida jamoat namozlari to‘xtatiladi. Chunki, pandemiya tufayli hozirgi kunda masjidlarimizda besh vaqt namozlar, juma namozlari va hayit namozlari ham to‘xtatilgan.
Qurbon hayiti 31 iyul kuni bo‘lishligi haqida matbuot, ijtimoi tarmoqlar va turli vositalar orqali e'lon qilindi. Shunga ko‘ra Qurbon hayiti kuni Qurbon namozi o‘qilmasada bomdod namozi o‘qilgandan keyin olib qo‘yilgan jonliklar qurbonlik qiliniveradi. Ammo quyosh chiqqanidan keyin to‘rt rakaat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonliklar qilinsa ayni muddao bo‘ladi. Qurbonlik go‘shti uch taqsimga bo‘linib, bir qismi oilaga olib qolinadi, bir qismi pishiriladi va bir qismi xomligicha tarqatiladi. Ammo oila nochor bo‘lsa hammasini o‘zlariga olib qolishlari yoki boy kishilar bo‘lsa go‘shtni barini extiyojmand, kam ta'minlangan oilalarga ehson qiladigan bo‘lsalar juda katta savobga ega bo‘ladilar.
Bayram kunlari qo‘limizdan kelganicha xayru saxovat qilsak, oilamizga, farzandlarimizga xursandchilik ulashsak, yoru do‘stlarimizni bayram munosabati bilan tabriklasak albatta savob bo‘ladi.
Shunga kura 31 iyul kuni ya'ni Qurbon hayiti kuni hammamiz o‘yimizda qolgan holda quyosh chiqqandan 10-15 daqiqa o‘tgandan so‘ng turt rakaat nafl namoz o‘qiymiz va qurbonliklarni ado qilamiz.
Shuni alohida ta'kidlab o‘tamizki, vaziyatni yaxshi anglagan holda uyma uy yurish, mehmondorchiliklarga borish, qabristonlarni ziyorat qilish lozim emas.
Azizlar, karantin talablariga qat'iy rioya qilaylik. O‘zimizni, farzandlarimizni sog‘ligini xatarga qo‘ymaylik. Ushbu muborak kunlarda Alloh taolodan tinchlikni, sog‘likni va balo ofat kasalliklarni tezroq ko‘tarilishini so‘rab duo qilaylik.
Barchalaringizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin Azizlar.
Alijon Yaqubov,
Ishtixon tuman bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 28/07/2020 08:29; Ko‘rilganligi: 1131
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 17:42