QO‘SHRABOD TUMANIDA SAYYOR YIG‘ILISH BO‘LIB O‘TDI 22.05.2024 Y
Bugun, 2024 yil 22 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan va albatta viloyat hokimligining jamoat hamda diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyatdagi hamda uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi sayyor yig‘ilish Qo‘shrabot tumanida o‘tkazildi.
Tadbirlar oldidan vakillik mutaxassisi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, X.Temirov tumandagi “Domla Omonullo Oxun” jome masjidi hududida yashovchi, turli muammoli xonadonlar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi mavjud 14 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamrohligida 20 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining IHM, nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Qo‘shrabot tumanidagi 14 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Ushbu tadbirlar davomida umumiy o‘rganilgan xonadonlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar soni quyidagini tashkil qildi:
- Imom-xatiblar tashrif buyurgan mahallalar soni: 20 ta. Shundan 9 tasida muammolar borligi aniqlandi va barchasi ijroga yo‘naltirildi;
- Kam ta'minlangan oilalarga tashrif: 80 ta. Barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
- Nogironligi bor va kasalmand 3 nafar fuqarolar holidan xabar olindi. Shundan barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
- Notinch oilalarga tashrif: 1 ta. Ularga kerakli tavsiya va nasihatlar berildi. Ular o‘tkazilgan tushuntirishlardan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqardi;
- Ichkilikka ruju qo‘ygan 3 nafar fuqaro bilan suhbat o‘tkazildi. Bularning barchasi qilayotgan ishlarining oqibatlarini to‘g‘ri tushunib yetganligini aytib o‘tdi;
- Qo‘shnisi bilan nizolashgan 1 ta oilaning o‘rtasi isloh qilindi;
- Uyushmagan yoshlar bilan 5 ta MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 100 nafarga yaqin uyushmagan yoshlarning ishtiroki ta'minlandi.
- Ishchi guruh a'zolari tumandagi 14 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qildi. Unda 2000 nafarga yaqin namozxonlar ishtirok etishdi.
- Yuqorida aytib o‘tilgan xonadonlarga ko‘rsatilgan jami moddiy yordam miqdori 14 000 000 (o‘n to‘rt million) so‘mni tashkil qildi.
- Vakillik xodimi Hasanxon domla Temirov Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi Nasrullo domla Islamov bilan birgalikda tumandagi “Domla Omonullo Oxun” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, X.Temirov “Xoja Nonber ota” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. Namozdan so‘ng, jamoatga “Halol kasb - barakadir” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.
- Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Qo‘shrabot tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga vakillik xodimi X.Temirov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tumandagi mutaxassisi bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Qurbon Hayitiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
- Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 22/05/2024 20:49; Ko‘rilganligi: 506
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:39