O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Qo‘shaloq bayram: Konstitusiyamizning 25 yilligi va ilk xatmona tadbiri

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining qabul qilinganligiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan Respublikamizning barcha viloyat va shaharlari, ta’lim muassasalari, idoralar, tashkilotlar va barcha mahallarda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

2017 yilning 6-dekabr kuni Imom Buxoriy xalqaro markazida tashkil etilgan Samarqand kalom ilmi va hadis ilmi maktablarida ta’lim olayotgan imom xatiblar va Markaz xodimlari ishtirokida qo‘shaloq bayram tadbiri o‘tkazildi. Qomusimiz qabul qilinganiga 25 yil to‘lgani munosabati bilan tashkil etilgan tadbir maktab tinglovchilarining ilk xatmona tadbiriga ulandi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, kalom ilmi maktabi mas’uli Shukrillo Umarov, hadis ilmi maktabi mas’uli Olimxon Yusupov va barcha o‘qituvchi va talabalar qatnashishidi.

Tadbirda Samarqand viloyat bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, manashunday tinchlik, osoyishtalik va osuda hayotimiz qadriga yetishga barchani da’vat etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining qabul qilinganligiga 25 yil to‘lganligi munosabati bilan barchani qutladi. U “Bosh qomusimiz inson hayotining barcha jihatlarini, jumladan, uning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari va vijdon erkinligini kafolatlovchi muhim hujjat ekanligini ta’kidladi. Yurtimizdagi barcha diniy tashkilotlar faoliyati va ayniqsa, jamiyatda imom-xatiblar eng ko‘p uchraydigan oila va nikoh, ota-ona va farzandning burch va majburiyatari to‘g‘risidagi moddalarni Qur’oni karim oyatlari va hadislar sharhi asosida qiyoslab berdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqini 130 dan ziyod etnik guruh vakillari tashkil etadi. Biz uchun shunisi g‘oyatda muhimki, muqaddima, olti bo‘lim, yigirma olti bob va 128 ta moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi inson va fuqaroning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, barchaning huquq va erkinliklari tengligini hamda qonun va sud oldida barobarligini kafolatlaydi. Shuningdek, tuzilishi jihatidan xalqaro mezonlarga ham to‘liq javob beradi” deb o‘z nutqini yakunladi.

Mazkur tadbir davomida Samarqand kalom ilmi maktabi talabalarining Imom A’zam rahmatullohi alayhning “Al-Fiqh al-akbar” kitobining to‘liq matnini yod olganliklari hamda Samarqand hadis ilmi maktabi talabalarining Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobidan 100 ta hadisni yodlab topshirishganligi munosabati bilan ochiq dars o‘tkazildi.

Talabalar matn va hadislarni yoddan aytib berishdi. Viloyat bosh imom xatibi Zayniddin domla o‘qituvchi va talabalar bilan suhbatlashib, dars jarayonini kuzatar ekan, bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati tarafidan bizdan talab etilayotgan narsa ham, aynan mana shu shaklda va ushbu bilimlarni puxta egallash ekanligini ta’kidlab, ushbu ishda barcha talabalar va ustozlar ishiga omadlar tiladi.

Tadbir yakunida xomiylar tarafidan peshqadam talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng, barcha tadbir ishtirokchilari Samarqand viloyati vakilligi tomonidan tashkil etilgan bayram dasturxoniga taklif etildi.

Tohir Evadullayev

Imom Buxoriy xalqaro markazi bo‘lim boshlig‘i


Kiritilgan vaqti: 06/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2350
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/qoshaloq-bayram-konstitutsiyamizning-25-yilligi-va-ilk-xatmona-tadbiri
Chop etilgan vaqti: 10/12/2024 11:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing