O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

QIRG‘IZISTON RESPUBLIKASI OLIY DELEGASIYASI SAMARQANDGA TASHRIF BUYURDI

 
 

2016 yil 24 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi.

Oliy darajadagi delegatsiya dastlab marhum Prezidentimiz qabrini ziyorat qilish uchun Xizr masjidiga keldi. U yerda Qur’on tilovati qilinib, marhum yurtboshimiz ruhi pokiga bag‘ishlandi.

Ziyorat asnosida mehmonlar o‘zbek xalqiga o‘zligini qaytarib bergan, yurtni mustaqillik sari boshlab, qisqa vaqt ichida asrga tatigulik islohotlar, bunyodkorliklar olib borgan marhum Islom Karimov mangu qo‘nim topgan joy uning nomiga o‘ta munosib bo‘lgani, Samarqandda ilk qurilgan masjid – “Xizr” masjidi yonida va ulug‘ sahoba Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu qabrlarining yaqinidan tanlangan o‘rin oqilona tanlov ekanini e’tirof etdilar.

Keyin esa delegatsiya tarkibida kelgan Qirg‘iziston Respublikasi ulamolari kengashi raisi Abdushukur hoji Normatov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida ziyoratni davom ettirish uchun Imom Buxoriy majmuasi tomon yurdi. Majmuada dastlab Buxoriy hazratlari qabri hamda majmua bo‘ylab ziyorat amalga oshirildi. Mehmonlar majmua tarixi bilan tanishib, uning mustaqillikdan oldingi va keyingi holatlari haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan tingladilar. Ayniqsa, so‘ngi yillarda olib borilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari borasida fikr bildirib, o‘zlarining tahsinini, mutasaddilarga nisbatan chuqur minnatdorchiligini bildirdilar. So‘ngra asr namozini ado etish maqsadida Imom Buxoriy jome masjidiga kirildi. Masjid imom xatibi Zayniddin Eshonqulov namozdan oldin jamoatga mehmonlarni tanishtirdi va tinchlikni qadrlash, uni avaylab-asrash, turli yot g‘oyalar, salbiy ta’sirlardan himoyalanish, ayniqsa yosh avlodni bunday kuchlardan yiroqda tutish haqida ma’ruza qildi. Ma’ruza so‘ngida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va’zni nihoyalab duo qilib berdilar.

Shuningdek tashrif asnosida har ikki davlat diniy rahnamolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish va uni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Tomonlar bu boradagi o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, hamkorlik ishlari istiqbolli bo‘lishi hamda davlatlarimiz qo‘shnichiligi mustahkam davom etishini tilab qoldilar. Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga Registon majmausi aks ettirilgan g‘ilofli suvenir (lagan) sovg‘a tariqasida in’om etildi.

So‘ngra Imom Buxoriy xalqaro markaziga o‘tildi va mehmonlarga markaz faoliyati batafsil tanishtirildi. Ayniqsa u yerda imomlar uchun maxsus malaka oshirish o‘quvlari tashkil etilgani va yetmish kun davomida diniy xodimlarning diniy, dunyoviy va siyosiy fanlar asosida bilim, ko‘nikmalarini oshirib borishlari mehmonlarga alohida taassurot uyg‘otdi.

Shom namozi Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” jome masjidida ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov yig‘ilganlarga mehmonlarni tanishtirdi va ularning tashrifi mohiyati hamda maqsadi haqida ma’lumot berdi.

Tashrif so‘ngida qo‘shnilarimiz musulmon olami e’tirof etgan ko‘plab ulamolarga beshik bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda ham ota-bobolari izidan borib, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani, dunyo hamjamiyatida ham munosib o‘rin topib borayotganini ta’kidlab, bu diyor va uning xalqiga porloq kelajak tilab qoldilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 25/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2962
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/qirgiziston-respublikasi-oliy-delegatsiyasi--samarqandga-tashrif-buyurdi-
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 08:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing