O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

QARDOSHLIK MUSTAHKAMLANISHI UMMAT BIRDAMLIGIGA XIZMAT QILMOQDA

 
 

Allohga shukrki, tili, dini, an'ana va urf-odatlari bir-biriga o‘xshash o‘zbek va qozoq xalqlari tarixiy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro hurmatda, qavmu qarindosh bo‘lib, ko‘p asrlar davomida tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. 

Ikki xalq azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda: “O‘zbek va qozoq bir-biriga yelkadosh bo‘lib, ahl-inoq yashab kelgan ildizi bir xalqdir”.

Dinimizda qo‘ni-qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, yaxshi munosabatda bo‘lish targ‘ib qilinadi. Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohning huzurida do‘stlarning yaxshisi o‘z do‘stiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qo‘shnilarning yaxshisi o‘z qo‘shnisiga yaxshilik qilganidir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo: “Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!”, deb bayon etgan (“Niso” surasi, 36-oyat).

Demak, qo‘shniga yaxshilik qilish mo‘min-musulmon uchun burch. Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli bunday yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar tobora mustahkamlanib, aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori diniy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik muhiti yanada yaxshilanmoqda. 

Ikki mamlakat musulmonlari idoralari hamkorliklari tarixiy ildizlari 1943 yilda tashkil etilgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasidagi birgalikda olib borilgan faoliyatga borib taqaladi. 

Qozog‘istonda mustaqillik yillarida Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini to‘la ta'minlash va masjid-madrasalarni obod etish hamda muborak dinimizni ravnaq toptirish yo‘lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi faoliyati rivojlanishida o‘z vaqtida rahbarlik qilgan Ratbek Hoji Nisanbayevich, Absattar Hoji Derbisali, Yerjan hoji Malgaziyevich Mayamerov, Serikbay hoji Satibaldi o‘g‘li Oraz janoblari katta hissa qo‘shdilar. Hozirda esa bosh muftiy, Navro‘zbay hoji Tag‘anuli janoblari boshchiligida ulkan ishlar qilinmoqda.

Alloh taolo Qur'oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).

Ta'kidlash joizki, bugungi murakkab sharoitda din peshvolari va Islom ulamolarining hamjihatlikda ishlashlari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Musulmon ulamolarining o‘zaro hamkorligi yuzaga kelayotgan muammolar va qarama-qarshiliklarni yechishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu ma'noda qardosh xalqlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash dinimiz rivojiga turtki beradi, insha Alloh. 2018 yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Unga ko‘ra, Fatvo masalasida, Ramazon oyining boshlanish kuni va ikki hayit bayramlarining birinchi kunini belgilashda doimiy hamkorlik olib borish belgilab qo‘yilgan. Bu borada oxirgi besh-olti yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ulamolari bilan Ramazon oyi, Iydul Fitr va Iydul Azhoning birinchi kuni, namoz vaqtlarini aniqlash hamda shar'iy masalalarda fatvo ishlab chiqishdagi hamkorligimiz o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Shuningdek, memorandumda ziyorat turizmi, diniy ta'lim va diniy tadqiqotlar olib borishda o‘zaro tajriba almashish, takliflar asosida xalqaro anjuman, seminar va davra suhbatlarida ishtirok etish qayd etilib, o‘tgan davr mobaynida ikki diniy idora o‘rtasida ko‘p tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, o‘tgan 2021 yil va joriy yil davomida ham ikki diniy idora rahbariyatining bir necha bor turli mavzularda uchrashuvlar o‘tkazganlari ham qardosh xalqlarning bir-biriga bo‘lgan hurmat va ishonchi yanada rivojlanib borayotganidan darak beradi. 2021 yilning noyabr oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Mustaqil Qozog‘iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etib, qardosh xalqlar Islom dini qadriyatlariga katta hissa qo‘shganlarini alohida qayd etgan edilar.

Konferensiya doirasida Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi kamtarona xizmatlarimizni yuqori baholab, yuksak medal bilan taqdirladi. Albatta, bunday e'tirofdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bu ham ikki qardosh elning bir-biriga bo‘lgan do‘stligi va yaqinligi belgisidir.

Mazkur tashrif davomida Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli janoblari O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik diniy-ma'rifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlikni yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki Davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli ekanini alohida ta'kidlab, kelgusida bir qator loyihalarni amalga oshirishni taklif qilgan edilar.

Bunday o‘zaro muloqotning uzviy davomi joriy yilning 15 aprel kuni Istambul shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig‘ilishida ham davom etdi. Unda Qozog‘iston musulmonlari idorasi rahbariyati bir qator muhim takliflarni olg‘a surar ekan, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan o‘rtaga tashlangan fikr-mulohazalar va takliflarni ham qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu ham qardoshlikning muhim jihatlaridandir. 

Shu yil 6 may kuni Turkiston viloyatida “Turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari ishtirok etib, o‘z chiqishlarida qardosh xalqlarning o‘zaro aloqalarining mustahkamlanib borayotgani diniy soha rivojiga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladilar.

2022 yil 6-10 iyun kunlari Misr Arab Respublikasi muftiysi, professsor Shavqiy Ibrohim Allomning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasining bosh vaziri Mustafo Madbuliy janoblari shefe'ligida o‘tkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni yengish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada 200 dan ziyod ishtirokchilari qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston diniy idoralari rahbarlari munosib ishtirok etganlari musulmon olami ulamolarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Shu yil 12 avgust juma kuni Nur-Sulton shahrida bunyod etilgan yirik masjidning ochilish marosimida Misr, Rossiya, Qirg‘iziston, Mongoliya kabi davlatlar diniy idora rahbarlari qatori kamina ham ishtirok etib, qo‘shni yurtda shunday go‘zal, o‘ziga xos arxitekturaga ega masjid barpo etilganidan juda ham mamnun bo‘ldik. Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi.

 

Nuriddin domla Xoliqnazarov, 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

 

(“AYQIN” nomli gezataning 2022 yil 9 sentyabrdagi 134-soni va “MUNARA” gazetasining 2022 yil sentyabrdagi 134-soni)


Kiritilgan vaqti: 11/09/2022 18:12;   Ko‘rilganligi: 341
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/qardoshlik-mustahkamlanishi-ummat-birdamligiga-xizmat-qilmoqda
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 09:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing