Prezident Shavkat Mirziyoev Shayx Ahmad Tayyibga sovg‘a-salom yo‘lladi
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yuqori martabali mehmon, dunyoga mashhur “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib ham ishtirok etmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida Shayx Ahmad Tayyib janoblariga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berilgan edi.
Tanaffus chog‘ida “Al-Azhar” majmuasi rahbariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ezgu tilaklari yozilgan nomasi va Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining XIII asrga oid nusxasi - faksimilesi topshirildi.
Shayx Ahmad Tayyib ushbu yuksak e'tibor uchun minnatdorligini qayd etib, Prezidentimizga ham o‘zining cheksiz ehtiromini bildirdi. Tuhfa qilingan noyob kitob esa “Al-Azhar” majmuasida qimmatli tarixiy manbaa sifatida o‘rganilishi va yanada keng tadqiq etilishini ma'lum qildi.
Manba: Zarnews.uz
Kiritilgan vaqti: 03/03/2020 13:20; Ko‘rilganligi: 890
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 21:14