O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

OQ MASJID OBOD BO‘LADI

 
 

Samarqand viloyati, Nurobod tumani, Tim qishlog‘ida XVI asrda barpo etilib, davlat muhofazasiga olingan “Oq masjid” (Arab ota) binosi eng chekka hududdagi tarixiy masjidlardan hisoblanadi. Unda namozxonlar kunlik besh vaqt va juma namozlarini ado etib kelishadi. Masjid hamda mahalla faollarining ta’kidlashicha ushbu masjid binosi mavjud namozxonlarning sig‘imi uchun yetarli bo‘lmoqda. Darhaqiqat, bino bugungi kunda ta’mirtalab holatda. Ushbu bino Madaniy meros departamenti Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tasarrufida bo‘lgani bois uni ta’mirlash ishlari faqat mana shu tashkilot orqali amalga oshiriladi. Madaniy meros viloyat boshqarmasi tomonidan 2010 yil 10 iyun, 2016 yil 16 mart kunlari “Oq masjid” binosining holati o‘rganilib, uni ta’mirlash zarurati to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan hamda uning nusxalari tegishli idoralarga yuborilib, ushbu obyektni ta’mirlash uchun loyiha smetalarini tayyorlab berishlari so‘ralgan. Bundan tashqari “Oq masjid” binosi Madaniy meros viloyat boshqarmasi tomonidan 2017-2027 yillarga mo‘ljallangan manzilli ta’mirlash dasturiga kiritilgan va masjid binosini ta’mirlash uchun mablag‘ ajratilishini so‘rab bir necha bor bosh boshqarmaga murojaat yuborilgan.

“Oq masjid” binosining hozirgi holatini o‘rganish maqsadida mutasaddilar 24 iyun kuni Tim qishlog‘ida bo‘ldilar. Ushbu masjid binosini ta’mirlash, obodonlashtirish va namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy tahoratxona qurish borasida o‘zaro kelishib olindi. Mutaxassislar tomonidan ta’mirlash loyihasi tayyor bo‘lishi bilan mutasaddi idoralar va homiylar ko‘magida binoning asl holatini tiklash, ta’mirlash va qurilish ishlari boshlanadi. So‘ngi vaqtlarda tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgoh va binolarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirishga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Albatta bu kabi madaniy meroslarimizni asrab avaylash, uni kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazishda barchamiz birdek mas’ulmiz.

O‘MI Samarqand viloyat vakili Z.Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 26/06/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1469
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/oq-masjid-obod-boladi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing